Rangli metallar nega pishloq ostiga yashirilgandi?

11:44 12 Iyun 2019 Jamiyat
210 0

Tekin pishloq faqat qopqonda boʻladi, degan maqolni koʻp eshitganmiz. Buni qarangki, pishloqdan xufiyona ishlarni berkitish uchun foydalanuvchilar ham bor ekan.

Kitob tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro U. B ISUZU rusumli yuk mashinasida yaroqsiz akkumulyatorlarni rangli metall sifatida topshirish uchun pishloq orasiga yashirib, Toshkentga otlandi. Ammo bu yuk Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligiga qarshi kurashish boʻlimi hamda ichki ishlar boʻlimining sinchkov xodimlari nazaridan chetda qolmadi. Yuk mashinasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, umumiy ogʻirligi 3 tonna 930 kilogramm boʻlgan akkumulyatorlar tegishli hujjatlarsiz noqonuniy olib ketilayotganligi uchun pishloqlar ostiga yashirilgani maʼlum boʻldi.

Tadbir davomida Kitob-Samarqand yoʻnalishida toʻxtab turgan fuqaro Ch. M. boshqaruvidagi ISUZU rusumli yuk avtomashinasi ham shubha ostiga olinib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, shubha asosli ekanligi oydinlashdi. Ushbu mashinada ham tegishli hujjatlarsiz ogʻirligi 1 tonna 250 kilogramm qora metall parchalari noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi aniqlandi.

Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi Axborot xizmatidan xabar qilinishicha boshqarma xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida qora va rangli metall parchalarini noqonuniy ravishda saqlash hamda tashilishini oldini olish borasidagi tezkor maʼlumotlar asosida oʻtkazilayotgan tadbirlar samarali boʻlmoqda. Xususan,boshqarma Kontrabanda va bojxona qonunchiligiga qarshi kurashish boʻlimi hamda Chiroqchi tumani Ichki ishlar boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda Chiroqchi tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Chiroqchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Q. J. ning xonadonida rangli metall parchalari noqonuniy saqlab kelinayotganligi haqidagi tezkor maʼlumot oʻz isbotini topdi. Ushbu xonadon xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uy ayvonida tegishli hujjatlarsiz ogʻirligi 2 tonna 612 kilogramm rangli metall parchalari noqonuniy saqlab kelinayotganligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

A. Muhammadiyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?