Ramzan Qodirov: “Biz Oʻzbekistonga chuqur hurmat bilan qaraymiz”

14:20 26 Avgust 2019 Dunyo
230 0

Chechenistonda 23-avgust kuni Muhammad paygʻambar masjidi ochilish marosimida ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi Ramzan Qodirovga prezidentining qimmatbaho sovgʻasini topshirdi. Bu haqda Ramzan Qodirov VKontakte tarmogʻida xabar qildi.

“Uchrashuv davomida Rustam Qosimov menga juda qimmatbaho sovgʻa topshirdi – bu Toshkentdagi Muyi Muborak masjidida saqlanayotgan Qurʼonning eng qadimiy nusxasidir. Men mehmonga rahmat aytib, qardosh Oʻzbekiston gullab-yashnashini tiladim”, - deb yozgan Ramzan Qodirov.

“Bizning xalqlarimizni mustahkam doʻstlik rishtalari bogʻlab turadi. Biz oʻzaro munosabatlarimizni mustahkamlash va kengaytirish tarafdorimiz. Biz Oʻzbekistonga chuqur hurmat bilan qaraymiz”, - dedi Ramzan Qodirov Oʻzbekiston delegatsiyasiga.

Shuningdek, Ramzan Qodirov uning otasi, Checheniston birinchi prezidenti Ahmad Hoji Qodirov ham islom dini ilmini Oʻzbekistonda oʻrganganini esga oldi.

Eslatib oʻtamiz, 23-avgust kuni Chechenistonning Shali shahrida Yevropada eng yirik masjid – Muhammad paygʻambar masjidi ochilish marosimi boʻlib oʻtgan edi. Unda Oʻzbekiston bosh muftiysi Usmonxon Alimov hamda Prezident maslahatchisi Rustam Qosimovlar ham ishtirok etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?