Ramazon saboqlari: Qadr kechasining fazilati

21:46 19 May 2020 Madaniyat
288 0

Mehr-muruvvat, rahmat, magʻfirat va shafqat xislatlarini bagʻrida jamlagan oylar sarvari boʻlgan muborak Ramazon ham nihoyasiga yetmoqda. Kimdir uning fazilati va barakotidan bahramand boʻlib, Allohning roziligini topdi. Kimdir esa...

Nima boʻlganda ham, endi bu aziz oy bilan yana bir yildan soʻng yuzlashamiz. Uning bagʻrida yashiringan fayzli kechalar tarovatini, sokinligini, xayru barakotini, goʻzalligini endi bir yil davomida sogʻinib yashaymiz.

Gunohlarimiz afv etilishiga sababchi boʻlgan, jismimiz va qalbimizni poklagan bu muborak kunlarning roʻzasini, iftorlik va saharligidagi xayru barakotlarni koʻzlardagi sogʻinch yoshlari-la ilhaq boʻlib kutamiz. Ramazon esa kimdandir rozi, kimdandir ranjib bizlarni tark etmoqda.

Bugun uning oxirgi oʻn kunligiga yashiringan Qadr kechasidir. Bu tunni ota-bobolarimiz, mastura momolarimiz izzatu ikrom bilan kutib olganlar. Tonggacha zikru duoda boʻlganlar. Chunki, bu kechada Alloh subhonahu vataolo insoniyatga jamiki ezguliklar kitobi boʻlgan Oʻzining kalomini nozil qilgan. Bu haqida “Qadr” surasida bunday marhamat qilinadi: “Albatta, Biz uni (Qurʼonni) Qadr kechasida nozil qildik. Qadr kechasi ne ekanini senga nima bildirdi? Qadr kechasi ming oydin yaxshidir. Unda farishtalar va Ruh Robbilarining izni bilan barcha ishlar uchun tushadi. U to tong otguncha salom boʻlib turadi”(Sahihul Buxoriy, 3-kitob).

Surada taʼkidlanganidek, Qadr kechasi benihoya xayru barakotlidir. Ayrim manbalarda taʼkidlanishicha, bu kechada gunohlar afv etilib, duolar qabul boʻladi va taqdirlar belgilanadi. Shu bois, Qadr tunini ibodat va zikr bilan bedor oʻtkazmoq xayrlidir.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sallolohu alayhi vasallam:

“Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon roʻzasini tutsa, oʻtgan gunohlari magʻfirat qilinadi. Kim Qadr kechasida iymon bilan, savob umidida qoim boʻlsa, oʻtgan gunohlari magʻfirat qilinadi”,-dedilar.

Paygʻambarimiz sallolohu alayhi vasallam Qadr kechasini Ramazonning oxirgi oʻn kunligidan qidirishimizni tavsiya qilganlar. Mana salkam bir yarim ming yildirki, islom ummati savob umidida muborak oyning oxirgi oʻn kunligidagi toq kechalarni, ibodatda bedor, duoyu zikrda gʻayratli, kitob oʻqib, ilm-maʼrifat izlashda bardavomlik bilan oʻtkazadilar.

Allohniing muqaddas kalomi va oʻzining sunnatini meros qoldirgan Nabiy sallollohu alayhi vasallam ham bu oxirgi oʻn kunlik tunlarida uyquni tamoman tark etar, to tonggacha ibodat bilan mashgʻul boʻlardilar.

Bu kechaning eng maqbul duosi esa budir: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, faʼfu ʼanniy” yoki,“ Allohim! Sen afv qiluvchisan, afv qilishni sevasan, meni afv qilib kechirgin!”.

Qadr kechasi barchaga muborak boʻlsin! Robbimiz uning savobu magʻfirati, barakoti va fazliga musharraf qilsin!

Shodiyor MUTAHAROV,

Oʻzbekiston xalqaro islom

akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?