"Rahbarlar oʻz zimmalaridagi vazifalar va ularning ijrosi toʻgʻrisida jamoatchilik, ayniqsa, OAV bilan doimiy, ochiq muloqotda boʻlishlari shart"

16:18 20 Noyabr 2020 Siyosat
278 0

Senatning toʻqqizinchi yalpi majlisida parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Norboyeva “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining vazirlik, idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ijro etilishi toʻgʻrisidagi masalaning dolzarbligini taʼkidlab, soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarning barchasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangani toʻgʻrisida soʻz yuritdi.

– Davlat organlari faoliyatining ochiqligi masalasi bir qator xalqaro reytinglarda ham baholab boriladi, – dedi Senat Raisi T.Norboyeva. – Ayniqsa, Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlaridagi koʻrsatkichlarimiz juda past. Masalan, “Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik” tarkibiy indikatorida 214 ta mamlakat orasida respublikamiz 190-oʻrinni, “Tartibga solish sifati” indikatorida – 182-oʻrinni, “Hukumat samaradorligi” indikatorida esa 138-oʻrinni egallamoqda.

Albatta, davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash boʻyicha ishlar boshlangan. Olib borilgan chuqur tahlillar hamda muhokama qilinayotgan Qonun talablaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ochiqligi tizimini tashkil etish, shuningdek jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon loyihasi ishlab chiqildi. Farmon loyihasida qator masalalar va maʼlumotlarni ochiqlash, yaʼni majburiy tartibda eʼlon qilish tartibi oʻrnatilmoqda.

Davlatimiz rahbari bir haqiqatni koʻp takrorlaydilar: bugun xalqimiz kechagi xalq emas. Bugun soʻz erkinligi, fikrlar xilma-xilligini har jabhada koʻrish mumkin. Bunda, tabiiyki, axborotga boʻlgan talab oshadi. Ayniqsa, davlat tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarning ochiq va shaffof boʻlishi muhim.

Taʼkidlash joizki, davlat idoralarining axborot xizmatlari rahbarlari rahbarning birinchi oʻrinbosari maqomiga ega. Biroq ularning hammasi ham buning nechogʻlik katta masʼuliyat ekanligini toʻliq anglab yetmayapti. Koʻpchilik matbuot kotiblari hamon eski qoliplardan chiqolmayapti. Veb-saytlarni yuritishga masʼul boʻlgan xodimlarning bilim-saviyasi yetarli emas. Maʼlumotlarni kreativ usullarda, hammabop tarzda yetkazib berolmayapti. Shu bois, bunday kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Oʻtkazilgan oʻrganish ham mazkur sohada hali yetarlicha muammolar borligini yaqqol koʻrsatmoqda. Jumladan, vazirlik va idoralar kesimida vaziyatga qarasak, bu yerda ham yetarlicha muammolar bor. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi misolida qarasak, vazirlik OAV yuborgan 47 ta murojaatlarga oʻz vaqtida munosabat bildirmagan. Yoki vazirlik veb-saytida ochiq tanlovlar (tenderlar), ishlab chiqilgan qonun hujjatlari va normativ hujjatlar loyihalari, oʻtkaziladigan majlislar kun tartibi, rejasi, unda qatnashish tartibi joylashtirilmagan hamda bir nechta ruknlar yangilanmagan.

Oʻylaymanki, ushbu oʻrganish natijalaridan vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar rahbariyati oʻzlariga toʻgʻri xulosa chiqaradi.

Mutasaddi rahbarlar oʻz zimmalaridagi vazifalar va ularning ijrosi toʻgʻrisida jamoatchilik, ayniqsa, OAV bilan doimiy, ochiq muloqotda boʻlishlari shart. Shundagina, turli asossiz, nooʻrin, noxolis tanqidlar va yolgʻon xabarlarning oldi olinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?