Rahbarlar masʼuliyatini yanada oshirish payti keldi

10:45 10 Avgust 2020 Siyosat
461 0

Bugungi sinovli kunlar kattayu kichikka birday zalvorli xulosalar bilan birga, qimmatli saboqlar ham berib ulgurdi. Hammamiz ikki ulugʻ neʼmat — salomatlik va xotirjamlikning qadrini yurak-yurakdan his etdik. Avvallari sogʻligʻiga birmuncha beparvo boʻlganlar endi har on oʻzini kuzatadigan, salomatligini taftish va tahlil qiladigan kishilarga aylanishdi. Umuman olganda, koronavirus pandemiyasi nafaqat insonlar dunyoqarashini, balki butun dunyo iqtisodiyoti, sanoati, turmush tarzini oʻzgartirgani ayni haqiqat. 

Mamlakatimizda ham oxirgi bir hafta davomida besh mingdan ortiq yangi bemor aniqlanib, jami virus yuqtirganlar soni 28 mingdan oshdi. Eng yomoni, koronavirusga qoʻshimcha tarzda asorati ogʻirroq boʻlgan pnevmoniya holatlari ham koʻpaymoqda. Ushbu holatni inobatga olib, yurtimizda qoʻshimcha choralar koʻrilmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida 4-avgust kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qayd etilishicha, oxirgi yigirma kunda koronavirusni davolash oʻrinlari 3,5 barobarga koʻpaytirilib, qariyb 65 mingtaga yetkazildi. Joylarga qoʻshimcha qariyb 800 ta tez tibbiy yordam mashinasi yetkazib berildi. Qoʻshimcha 4 mingta nafas berish uskunalari olib kelinib, ularning soni 6,5 mingtaga yetdi.

Rahbarlar masʼuliyati yana-da oshiriladi

Ochiq aytish kerak, hozirgi kunda butun dunyo koronavirusga qarshi urush holatida turibdi. Urushga kirgan har qaysi davlat, har qaysi xalq oʻz yurtini, oʻz aholisini himoya qilish uchun barcha choralarni koʻradi. Eng avvalo, xavf-xatarning yoʻlini berkitadi, temir intizom oʻrnatadi. Qatʼiy safarbarlik sharoitida yashash va ishlashga oʻtadi. Bugun biz ham ayni shunday holatdamiz.

Afsuski, oʻtgan davr mobaynida joylardagi ayrim masʼullar, xususan, sektor rahbarlari tomonidan ushbu jarayonlarga panja ortidan qarash holatlari ham kuzatildi. Goʻyoki, bu muammo faqat sogʻliqni saqlash vakillariga tegishli. Shu fikrda hududlardagi shifoxonalarga tashrif buyurmagan, bemorlar uchun sharoitlar bilan tanishmagan, ularning dori-darmon, zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlangani, oʻz sektorida nechta kasal aniqlangani, nechtasi uyda davolanayotgani bilan umuman qiziqib koʻrmagan rahbarlar ham borligi achchiq haqiqatdir.

Ayni holatdan kelib chiqib, endilikda Sogʻliqni saqlash vazirligi, hokimlar va sektor rahbarlari koronavirus va pnevmoniyani davolash boʻyicha har tomonlama tayyor boʻlishi, har bir bemorga kerakli tibbiy yordam koʻrsatilishi, ularning holatidan kelib chiqib shifoxonaga yotqizilishi va davolanishi uchun shaxsan javobgar boʻlishi belgilangani ayrim masʼuliyatsiz rahbarlar masʼuliyatini yana-da oshiradi, deb oʻylaymiz.

“Toshkent shahri tajribasi” ommalashtiriladimi?

Joylardagi birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi ishini yana-da jonlantirish ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan. Boisi uyda davolanayotgan bemorlarni davolash, kasallik xavfi bor chaqiriqlarga maxsus guruhni joʻnatish masalasi barcha hududlarda ham toʻliq yechimini topgan, deya olmaymiz. Shu sababli bu borada “Toshkent shahri tajribasi”ni keng tatbiq etish zarurati bor.

Qayd etilishicha, poytaxtimizda “oilaviy poliklinika – mobil brigadalar – maxsus poliklinikalar – “103” tez yordam xizmati” tizimining uzviy ishlashini taʼminlash hisobiga bir haftada sogʻayganlar ulushini 45 foizdan 58 foizga oshirishga erishildi. Shu munosabat bilan, bir hafta muddatda “Toshkent shahri tajribasi” negizida hududlarda simptomsiz bemorlarni oʻz uyida mobil tibbiy guruhlar yordamida ularning koʻmak va tavsiyalari asosida davolash tizimi joriy etiladi.

Yana bir muhim masala: bugun aksariyat shifoxonalar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan toʻlgan. Bu esa ayrim hollarda boshqa xastaliklar bilan ogʻrigan kasallarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish imkonini bermayapti. Shu bois yigʻilishda hududlarda COVID-19ga chalinganlarni qabul qilish va saralash boʻyicha markazlarni tashkil etgan holda, kichik shifoxonalarni oʻz profiliga muvofiq boshqa turdagi va surunkali kasallarni davolashga qaytarish lozimligi aytib oʻtildi.

Prezident vaksina sotib olishga topshiriq berdi

Maʼlumki, bugun qator mamlakatlar sogʻliqni saqlash va farmatsevtika tizimlarida koronavirus davosini topish yoʻlida tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda. Misol uchun, Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya, Rossiya farmatsevtika kompaniyalari yaqin vaqt ichida vaksina ishlab chiqarishni boshlashi haqida xabar qilinyapti.

Shu bois Bosh vazir oʻrinbosariga bir hafta muddatda yetakchi olimlar va tajribali shifokorlar bilan maslahatlashgan holda vaksinani xarid qilish va mamlakatimiz aholisi vaksinatsiyasini amalga oshirish yoʻllarini puxta oʻrganib chiqish topshirigʻi berildi.

Mahalla xodimlari ishtiroki kuchaytiriladi

Kasallikning oldini olish, koronavirusga shubha boʻlgan fuqarolarni shifoxonalarga yetkazish, karantin talablarini tushuntirish va bu jarayonda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda mahallaning oʻrni beqiyos. Ular bugun yordamga muhtoj oilalarga oziq-ovqat, uyda davolanishga tavsiya qilingan bemorlarga dori-darmon yetkazib berish ishlarida faol ishtirok etishmoqda.

Ayni sinovli kunlarda ularning ishtirokini keskin kuchaytirish zarurati mavjud. Chunki xalqimiz turli xil masalalarda, birinchi navbatda, mahallaga murojaat qilishga oʻrgangan. Aslida ham, oʻz aholisining ahvolidan yaxshi xabardor boʻlgan, qaysi xonadonda qanday bemor borligini, kimning yashash sharoiti qandayligini, kim yordamga, kim vrachga muhtojligini ulardan yaxshi biladigan boshqa odamning oʻzi yoʻq. Ayni jihat hisobga olinib, hokimlar va sektor rahbarlari har bir mahallada yigʻin raislari, profilaktika inspektori va boshqa xodimlar, mahalla faollari va nuroniylar, tibbiyot muassasalari xodimlarini birlashtirib, oʻz hududidagi aholi, ayniqsa, keksalar holidan kuniga xabar olish, koronavirusga shubha boʻlgan va kasallikka chalinganlarni tez tibbiy yordam xizmati va shifokorlar bilan bogʻlashni tashkil etishga bosh-qosh boʻlishadi.

Shuningdek, mahalla faollar hududda aholining zarurat boʻlmasa koʻchaga chiqmasligi va toʻplanmasligi, tibbiy maska taqib yurishi va ijtimoiy masofani saqlashi, toʻy va tadbirlarni vaqtincha oʻtkazmasligi kabi majburiy talablarni doimiy tushuntirishi va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishlari talab etiladi.

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?