Rahbar kadrlar malakasi oshirilmoqda

16:28 18 Oktyabr 2018 Jamiyat
991 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Urganch hududiy filialida oʻquv mashgʻulotlari boshlandi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 6 avgustdagi “Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallarini tashkil etish toʻgʻrisida” gi qaroriga muvofiq Guliston, Qarshi, Samarqand, Urganch va Fargʻona shaharlarida akademiyaning hududiy filiallari faoliyat koʻrsatadi.Yaqinda akademiyaning Urganch hududiy filialining tantanali ochilish tadbiri oʻtkazildi.

Urganch davlat universiteti bosh binosida joylashgan mazkur filialda endilikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi shahar va tuman hokimlarining oʻrinbosarlari, davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlarining quyi boʻlinmalari rahbarlari malaka oshiradi.

-Malaka oshirish kursi olti kun davom etib, 72 soatlik vebinar, suhbat, trening mashgʻulotlaridan iborat,-deydi akademiyaning Urganch filiali direktori Farhod Abdullayev.- Shuningdek, tinglovchilarga mustaqil taʼlim uchun topshiriqlar beriladi va ularni bajarish yakunida taqdimot, chora-tadbirlar rejasi va “Yoʻl xaritasi” loyihasi ishlab chiqiladi.

Vebinar mashgʻulotlari akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan onlayn tarzda olib boriladi. Suhbat va treninglar esa kichik maʼruza va mavzu boʻyicha muhokama shaklida, aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, keys-stadi va dialog shakllarida tashkil etiladi.

-Har bir rahbar oʻz ish faoliyatini bugungi kun talabi asosida olib borishi uchun doim oʻqib-oʻrganishi, jahonda yuz berayotgan siyosiy-iqtisodiy jarayonlardan, qonunchilikdagi oʻzgarishlar, axborot kommunikatsiya sohasi yangiliklaridan xabardor boʻlishi lozim, -deydi Yangiariq tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Bahodir Ismoilov.- Oʻquv mashgʻulotlarida ana shu muhim jihatlarga eʼtibor qaratilayotgani hamda taʼlim jarayoniga yuqori malakali mutaxassislar va professor-oʻqituvchilar jalb qilingani ahamiyatlidir.

Malaka oshirish kursi tinglovchilarining oʻzlashtirishi akademiya taʼlim portali orqali onlayn monitoring qilinadi. Tizimli ravishda topshiriqlar berish va testlar yechish bilan ularning bilimi baholanadi. Malaka oshirish kurslaridan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga sertifikatlar beriladi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?