QVPlar oilaviy shifokor punktiga aylantiriladi

21:42 12 Noyabr 2020 Hujjatlar
661 0

Prezident farmoniga koʻra, umumiy amaliyot shifokori mutaxassisi oilaviy shifokor etib qayta nomlanadi, shuningdek, tibbiyot oliy taʼlim muassasalaridagi fan dasturlari ham ayni oilaviy shifokor tayyorlashga moslashtiriladi.

Oilaviy shifokorining masʼuliyati orttirilib, tuman va shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari hamda viloyat shifoxonalariga bepul tibbiy yordam koʻrsatilishi uchun yoʻllanmalar oilaviy shifokorlar tomonidan beriladigan boʻladi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlarga imtiyozli retseptlar yozib berish ham oilaviy shifokor tomonidan amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

2021-yil 1-yanvardan boshlab:
qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanib, aholi soni va mahalliy zaruriyatdan kelib chiqib, navbatchilik tizimi joriy etiladi.

Tuman va shahar tibbiyot birlashmasi boshliqlariga ajratilayotgan mablagʻlar doirasida, zaruriyatga qarab, tor soha shifokorlari shtatlarini mustaqil belgilash vakolati beriladi.

Mahallada aholining salomatligi, hududdagi kasalliklarning oʻsishi, aholining shifoxonalarga yotishi va murojaat qilishi kabilar oilaviy shifokorning faoliyati natijadorligini baholash koʻrsatkichlari etib belgilanadi.

Shuningdek, oilaviy shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari reytingiga koʻra, har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish amaliyoti joriy etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?