Quyoshga noyob qurilma uchirildi

17:29 13 Avgust 2018 Dunyo
377 0
Foto: Sky news

Kecha AQSHning NASA kosmik agentligi Quyoshga Parker Solar Probe zondini muvaffaqiyatli uchirdi, deb yozadi 3dnews.ru.

Mazkur noyob qurilmaning vazifasi Quyoshni tadqiq etishdir.

Quyosh yaqinidagi plazma zarralari va ularning quyosh shamoliga ta’siri, quyosh shamoli manbalaridagi magnit maydonlari tuzilmalari va dinamikasini o‘rganish, Quyosh tojidan chiqayotgan quvvat darajasini aniqlash shular jumlasidandir.

Ixcham avtomobil hajmidagi ushbu apparat oftobga to‘qqiz quyosh radiusi masofasida yaqinlashadi. Harakat tezligi 700 ming km/soatga teng.

Apparat Florida shtatidagi Kanaveral burnidan Delta IV Heavy raketa tashuvchisi yordamida fazoga yuborildi.

E’tiborli tomoni, qurilma bortida sayyoramizning 1,1 mln. nafar aholisi vakilining ismi-sharifi tushirilgan xotira kartasi ham bor. Xohlovchilar shu orqali o‘zi haqidagi ma’lumotlarni Quyoshga jo‘natishdi.

Joriy yil boshlangan mazkur ilmiy dastur 2025 yilga qadar davom etadi.

Ushbu missiya Quyosh fizikasi bo‘yicha mutaxassis, keksa astronom, quyosh shamoli, uning geomagnit maydoni bilan o‘zaro aloqasi haqida qator tadqiqotlar olib borgan Yujin Parker sharafiga nomlandi. Shunday qilib, NASA tarixida ilk bor bu kabi samoviy tadqiqotlarga inson nomi berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?