Quyosh bugun maksimal og‘ishli yuqori nuqtada “to‘xtab” qoladi

11:55 21 Iyun 2018 Jamiyat
844 0
Illyustrativ foto

O‘zbekiston aholisi bugun tabiatning g‘aroyib hodisasi — eng uzun kuniga guvoh bo‘ladilar. Quyosh maksimal — 23,5 daraja og‘ishli yuqori nuqtada go‘yoki to‘xtab qoladi, so‘ngra esa janubga tomon tusha boshlaydi. Bu fanda “yozgi quyosh turishi” deya izohlanadi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti kuzatuvlariga qaraganda, bu yilgi yozgi quyosh turishi Toshkent vaqti bilan 21 iyun kuni soat 15 dan 7 daqiqada o‘tganda sodir bo‘ladi. Ya’ni shimoliy yarimsharda astronomik yoz boshlanadi. Shu tariqa 21 iyun — yilning eng uzun kuni, ekvatordan pastda joylashgan hududlarda esa yilning eng qisqa kuni hisoblanadi.

— 21 iyunda kun uzunligi 15 soatu 10 daqiqani tashkil etadi, — deydi institut katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi Chori Sherdanov. — Bugun Quyosh Buzoq yulduz turkumidan Egizaklar yulduz turkumiga o‘tgach, markaziy yoritkichning og‘ishi asta-sekin oshib boradi. Natijada kunlar qisqarib, tunlar uzaya boshlaydi. Toshkent kenglamasida oy davomida Quyoshning tush paytidagi balandligi 71 daraja atrofiga to‘g‘ri keladi.

Bu kun dunyoning ko‘pgina xalqlarida bayram sifatida keng nishonlanadi. Masalan, Finlyandiya va Shvetsiyada yozgi quyosh turishi milliy bayram sifatida dam olish kuni deb e’lon qilingan.

Illyustrativ foto

Yurtdoshlarimiz ham bu kunni o‘zgacha qarshilashga odatlanishgan. Sababi, hijriy-shamsiy yil taqvimining to‘rtinchi oyi — saraton kiradi. 22 iyundan 22 iyulgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladigan ushbu oy tabiatiga ko‘ra, issiq va quruqligi bilan ajralib turadi. Yoz chillasi ham shu pallada kirishi buning yaqqol dalilidir. U saratonning uchinchi kuni, ya’ni 25 iyunda doxil bo‘lib, 5 avgustgacha davom etadi.

Darhaqiqat, saraton tig‘i juda o‘tkir. Ayniqsa, oftob tik ko‘tarilgan chog‘da uning taftiga hech kim dosh berolmaydi: tirik jon borki, o‘zini soya-salqin joyga oladi. Yo‘qsa, zumda oftob urushi yoki terini kuydirishi hech gap emas. Shunday bo‘lsa-da, uning inson organizmiga foydali jihatlari ham bisyor. Masalan, saraton oftobida chiniqqan odam qish sovuqlariga chidamli bo‘ladi. Singan suyaklar bitib, ba’zi kasalliklarning asorati chiqib ketadi.

Фото: Elitefon.ru

Jazirama zabtiga olgan shu kunlarda bog‘bonu mirishkorlarning eng mashaqqatli mehnat mavsumi boshlanadi. Shuning uchun dehqonlarimiz “Saratonni issiq deb yotma, qo‘lingdan naqdingni yo‘qotma” naqliga amal qilib, uning har kunidan unumli foydalanish payidan bo‘ladilar. Agrotexnika tadbirlari sifatli bajarilsa, saraton issig‘i ekin uchun bamisoli malham bo‘ladi. Foydali harorat hosilni salmoqdor qiladi. Uzum, meva, qovun-tarvuz shira tortib, tarkibiga sharbat yig‘adi. Maqolda ta’riflanganidek, “Saratonda tok sug‘orsa sohibkor, uzumi oldida asal ham bekor”.

Yana aytishadiki, qishning qanday o‘tishi saratonga bog‘liq. Donolar bejizga “Yaxshi kelsa saraton, pisand emas qahraton” deyishmagan. Niyatimiz saraton qutli kelsin!
Said RAHMONOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?