Quyon qo‘ydan to‘rt barobar ko‘p daromad keltiradi

22:54 13 Aprel 2018 Iqtisodiyot
1247 0
Foto: "Халқ сўзи online"

Buni tajribali marhamatlik tadbirkor o‘z faoliyati davomida isbotladi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor sohada keng imkoniyatlarni ochmoqda. 
Bu, o‘z navbatida, yangi loyihalar va ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, xalqimizning turmush darajasi yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Ana shunday e’tibordan unumli foydalanayotgan Marhamat tumanilik tadbirkorlardan biri Oybek Ashurovdir. 
U tashkil etgan “Vodiy hamkor agrofirma” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ayni paytda 450 bosh qo‘y, 500 bosh echki parvarishlanmoqda. Yaqin orada parrandachilik, asalarichilik, baliqchilikni ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Foto: "Халқ сўзи online"

— 2016 yilda quyonchilikka asos solgan edik, — deydi MChJ texnologi Dilmurodjon Ashurov. — Hisob-kitob qilib ko‘rsak, bitta qo‘yga sarflangan harajatni quyonga sarflasangiz olti oy muddat ichida to‘rt barobar ko‘p daromad keltirar ekan. Buni amalda sinab ko‘rish uchun  Italiya hamda Fransiyadan 115 bosh “Kaliforniya”, “Yangi zeland”, “Flander” hamda “Reks” zotli quyonlarni olib keldik.  Natijada 2017 yilning o‘zida 3,5 ming bosh quyon tarqatishga erishdik. 

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, agrar tarmoqda quyonchilik ham serdaromad yo‘nalish hisoblanadi.  Nega deganda, avvalo, uning go‘shti parhezbop.

Mutaxassislarning fikricha, quyon go‘shti tarkibida yog‘ va xolesterin moddasi kamligi bois allergiya, gipertoniya, oshqozon-ichak, me’da, o‘t pufagi, jigar xastaliklarida davo bo‘ladi. 
Inson organizmida tez hazm bo‘ladi va to‘laqonli oqsil moddasiga ehtiyoji  yuqori bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalar, o‘smirlar, emizikli ayollar va keksa yoshdagilar uchun juda foydalidir. Iste’mol qilingan 100 gramm qoramol go‘shtining 62 foizi organizmda hazm bo‘lsa, bu ko‘rsatkich quyonda 90 foizni tashkil etadi. 100 gramm mol yog‘ida xolesterin miqdori 1,25, qo‘y yog‘ida 1,40, buzoq go‘shtida 0,11 grammni tashkil etsa, quyon go‘shtida bu ko‘rsatkich atiga 0,4 grammdan iborat, xolos.

Foto: "Халқ сўзи online"

Yungi esa sifatli va issiqlikni saqlaydi. Qolaversa, yaxshi parvarish qilinsa, ko‘p va tez ko‘payadi. Eng muhimi, boqishda oz harajat talab qilinadi. Masalan, bitta quyon yil davomida 5-6 marta bolalashini inobatga olsak, demak, undan bir yilda 50-60 ta bola olish mumkin. Bu esa 70-80 kg. go‘sht va kamida 50 dona teri demakdir. 

Ushbu misollarning o‘ziyoq, respublikamizda quyonchilikni yana rivojlantirish qanchalik istiqbolli ekanligini ko‘rsatmoqda.

“Vodiy hamkor agrofirma” MChJ ana shundan kelib quyonchilikni viloyatda yana taraqqiy ettirish payida bo‘lishmoqda. Jamiyat tomonidan shu yil boshidan bo‘yon 150 ta fermer xo‘jaligi va 200 dan ortiq oilalarga quyon yetkazib berildi. 
Bundan tashqari, quyon go‘shtini qadoqlash, terisini qayta ishlash loyihalari ham ishlab chiqilib, Rossiyadan 50 ming AQSh dollari qiymatidagi texnologik liniya olib kelindi. Bu yaqin orada terini qayta ishlash korxonasi ish boshlaydi, deganidir. Natijada yiliga 150 ming AQSh dollarilik teri xom ashyosi Koreya Respublikasiga eksport qilinadi. 

E’tiborlisi, viloyat hokimligi yaqinda “Vodiy hamkor agrofirma” uchun qo‘shimcha 35 gektar yer maydoni ajratdi.  Demak, omuxta yem ham MChJning o‘zida tayyorlanadi va mahsulot tannarxi yanada arzon bo‘ladi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?