Quvasoyga 38,7 mln AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri investitsiya kiritiladi

16:47 26 Fevral 2019 Jamiyat
439 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fargʻona viloyatida joylashgan ishlamay turgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, shuningdek davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga asosan sobiq “Quvasoy chinnisi” aksiyadorlik jamiyati hududida kichik sanoat zonasi tashkil etildi.

– Viloyat hokimligi huzuridagi “Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat unitar korxonasi balansidagi ushbu sanoat zonasining umumiy yer maydoni 12 gektar, bino va inshootlar maydoni esa 3,4 gektardan iborat, – deydi Quvasoy shahar hokimi oʻrinbosari Abdusamad Haydarov.

Mazkur kichik sanoat zonasi hududida yaqinda yillik ishlab chiqarish hajmi 18 milliard soʻmdan iborat “Running busines trans invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona tashkil etildi.Qoʻshma korxonada asosan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi, deydi turkiyalik investor Umit Kaxreyji. – Korxonaga jami2,1 million AQSH dollari investitsiya kiritilishi koʻzda tutilgan. Birinchi bosqich loyihasi uchun 1,1 million dollar mablagʻ sarflandi va 300 ta ish oʻrinlari yaratildi. Keyingi bosqichlarda ishchilar sonini va mahsulotlar turini koʻpaytiramiz.

– Mahsulotlarimiz asosan Yevropa davlatlariga, jumladan, Rossiya, Ukraina, Fransiyaga eksport qilinadi, – 24 yoshli korxona rahbari Husniddin Otaboyev. – Soʻnggi rusumdagi zamonaviy tikuv mashinalari, bichish, tikish, taxlash dastgohlari quvasoylik opa-singillarimiz uchun yanada qulaylik tugʻdirmoqda.

Kichik sanoat zonasi uchun tanlovlar oʻtgan yilning avgustida oʻtkazilgan.Uning tarkibida 10 ta toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va mahalliy investitsiya kiritadigan korxonalar shakllandi.

“Dostonbek – Shohsanam” masʼuliyati cheklangan jamiyati Quvasoy kichik sanoat zonasida 450 million soʻm mablagʻ bilan konditer va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish arafasida.50 yangi ish oʻrni yaratilishi belgilangan korxonada kelajakda yiliga 910 million soʻmlik mahsulotlar tayyorlanib, ularning teng yarmi xorijga eksport qilinadi.

“V&B chemical Co.ltd” masʼuliyat cheklangan jamiyati ham 18,5 million AQSH dollarlik loyiha asosida 150 nafar quvasoyliklarni muqim ish oʻrinlari bilan taʼminlaydi. Joriy yilning aprelidan oʻz faoliyatini boshlaydigan ushbu korxonada yiliga 4 milliard soʻmlik polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Quvasoy shahriga kichik sanoat zonasi hududidan joy olgan korxonalar tomonidan yil oxirigacha 38,7 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri, 15,2 million dollarlik mahalliy tadbirkorlarning mablagʻlari hisobiga investitsiya kiritiladi. Shu tariqa shahar aholisining 1300 nafarga yaqini yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlanadi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?