Quruvchining joni mingtami? Nega Navoiydagi qurilish tashkilotlari fojiadan keyin ham xulosa chiqarmayapti?

17:27 17 Iyul 2018 Jamiyat
353 0
Foto: Temur Eshboyev / “Xalq so‘zi”.

Joriy yilning 2 iyul kuni Navoiy shahrida bunyod etilayotgan ko‘pqavatli uylar qurilishida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa bir muddat internetdagi ijtimoiy tarmoqlarning bosh mavzusiga aylangan edi.

Yana bir eslab o‘tamiz, unda qurilish korxonasida payvandchi sifatida ishlayotgan yoshgina yigit tok urishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan edi. Mazkur fojiadan qurilish korxonasi tegishli xulosa chiqarib, texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasi masalalarida chora-tadbirlar belgilagan bo‘lsa kerak. Biroq shahar (nafaqat Navoiy) qurilishlari yonidan o‘tar ekansiz, afsuski, mehnat muhofazasi hamon minimal darajada ham emasligining guvohi bo‘ldik.

Foto: Temur Eshboyev / “Xalq so‘zi”.

Biroz oldin maqola tayyorlash maqsadida uchta yirik investitsion loyihani amalga oshirayotgan “Navoiy azot” AJda bo‘lgan edik. Korxonada mazkur loyihalar ro‘yobida Yaponiya, Janubiya Koreya va Turkiya davlatlaridan quruvchilar ishtirok etmoqdalar. Qurilish maydonlariga kirishingiz bilan ulkan tasviriy vositalar ko‘zga tashlanadi. O‘zga millat tili alifbosida bitilgan bir shiorning tarjimasini so‘radik.

Foto: Temur Eshboyev / “Xalq so‘zi”.

“Muddat birinchi, texnika xavfsizligi undan oldin!”, deb yozilgan deya javob qildi tarjimon. Haqiqatan ham shunday. Har bir ishchi, hatto, korxona rahbari ham ish kiyimi, kaska, ko‘zoynak va hatto, respirator bilan ta’minlangan. Tashqaridan kelgan mehmonni ham kim bo‘lishdan qat’iy nazar shunday kiyinish va himoyalanishga majbur etishadi. Nafsilamrini aytganda, NKMK, “Qizilqumsement” va boshqa bir qator yirik sanoat korxonalarida ham shunday munosabatni kuzatish mumkin.

Foto: Temur Eshboyev / “Xalq so‘zi”.

Afsuski, qurilish korxonalari, ayniqsa, ular xususiy bo‘lsa, “bizga bo‘laveradi” qabilidagi munosabatning guvohiga aylanasiz. Bunday korxonalarda quruvchilar uydan olib kelingan eski kiyimlar, oyoqda rezina shippak, beldan yuqorisi yalang‘och, omonat tiklangan narvonlarda ishlashayotganligiga texnika nazorati mutasaddilarining ham ko‘zlari ko‘nikib qolishgan. Afsuski, bunday mas’uliyatsizlik ba’zida yuqoridagidek fojia bilan yakunlanmoqda. Axir, ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deya xalqimiz bejiz aytishmagan. Singan ko‘zani esa tiklab bo‘lmaydi. Sinmagani ma’qul.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?