Qurolli kuchlar tizimida yangi harbiy psixolog lavozimi joriy etiladi, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi

17:53 08 Avgust 2018 Jamiyat
627 0
Arxiv foto

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida“gi Prezident qarori bilan tizimda bir qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

Jumladan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy-vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash organlari negizida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari tashkil etildi.

Brigadalarda (ularga tenglashtirilgan harbiy qismlarda) va alohida batalonlarda “harbiy psixolog” (ofitser) lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, harbiy okruglar boshqaruv apparatlarida “psixolog”, “yetakchi sotsiolog”, brigadalarda va alohida batalonlarda “harbiy qism komandirining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi – Madaniyat markazi boshlig‘i” (Qurolli Kuchlar xizmatchisi) lavozimlari joriy etilib, ularga qo‘shimcha ustama pul to‘lanishi belgilandi.

2018-2019 o‘quv yilidan boshlab Qurolli Kuchlar Akademiyasi Umumqo‘shin fakulteti bazasida qo‘shimcha “Qo‘mondonlik-taktik tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar” mutaxassisligi bo‘yicha ofitserlar tayyorlash ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimidagi mavjud ofitserlar uylari Ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylantirilib, markaz huzurida “Turon” teatr studiyasi tashkil etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?