Qurolli kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etildi

11:46 24 Oktyabr 2020 Jamiyat
295 0

“Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti negizida Mudofaa vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi (Akademiya) tashkil etildi.

Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar uchun harbiy tibbiyot sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlash Akademiyaning asosiy vazifalaridan biridir.

 Akademiya davlat oliy harbiy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Akademiyada tahsil olish uchun 2021/2022 oʻquv yilidan nomzodlar Oʻzbekiston oliy tibbiy taʼlim muassasalari davolash fakultetlarining beshinchi bosqichini va tibbiy-profilaktika fakultetlarining toʻrtinchi bosqichini eng yuqori natijalar bilan tamomlagan talabalar orasidan Mudofaa vazirligi tomonidan tanlab olinadi.

Akademiyada kursantlarning majburiy ikki yillik oʻqishi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

• birinchi yil – bakalavriatda;

• ikkinchi yil – Qurolli kuchlar uchun zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha harbiy internaturada.

Akademiyaning bakalavriat bosqichini tamomlagan kursantlarga dastlabki “tibbiy xizmat leytenanti” harbiy unvoni va “harbiy vrach” mutaxassisligini beradigan diplom hamda harbiy internaturani tamomlagach, “tibbiy xizmat katta leytenanti” harbiy unvoni va tegishli mutaxassislik berilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.

Akademiyaga 2021/2022 oʻquv yilidan Oʻzbekistonning boshqa tibbiy taʼlim muassasalarini bitirgan tibbiyot xodimlarini toʻlov-kontrakt asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ruxsat etiladi.

Qarorga koʻra, Akademiyada yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Harbiy tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Akademiyaning 2021-yil bitiruvchilari orasidan oʻqish yakuni boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlganlarga harbiy internaturada oʻqishni davom ettirishga ruxsat beriladi.

Akademiyaning pedagogik faoliyat bilan shugʻullanuvchi rahbari, rahbar oʻrinbosarlari va professor-oʻqituvchilar tarkibiga hamda Harbiy tibbiyot ilmiy-tadqiqot institutining rahbari va ilmiy xodimlariga quyidagi miqdorda oylik ustama toʻlanadi:

▪️bazaviy lavozim maoshining 50 foizi miqdorida – fuqaro tarkibidagi ishchilarga;

▪️asosiy lavozim maoshining 100 foizi miqdorida – kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga.

Shuningdek, Akademiyada oʻquv va oʻquv-amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazishga bevosita jalb qilinadigan respublikaning boshqa tibbiyot muassasalari mutaxassislariga pedagogik faoliyatning har bir akademik soati uchun BHMning 10 foizi miqdorida qoʻshimcha haq toʻlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?