Qurolli Kuchlar akademiyasida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda moliyaviy taʼminot boʻyicha yigʻin oʻtkazildi

11:36 10 Oktyabr 2019 Jamiyat
112 0

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida “Rossiya Mudofaa vazirligi boʻlinmalarida moliyaviy taʼminot” mavzusida oʻquv-uslubiy seminar mashgʻuloti oʻtkazildi.

Unda Rossiya Mudofaa vazirligi moliyaviy rejalashtirish departamenti direktori Maksim Loskutov, mazkur departament boʻlim boshligʻi Viktor Kachayev, Rossiya Mudofaa vazirligi ijtimoiy kafolat departamenti direktori Yuliya Yarkoyeva, Rossiya Mudofaa vazirligi moddiy-taʼminot departamenti direktori oʻrinbosari Aleksey Charkovdan iborat delegatsiya ushbu mamlakatda toʻplangan sohaviy tajribalar bilan oʻrtoqlashdi.

Delegatsiya vakillari Rossiya Qurolli Kuchlarining asosiy byudjet parametrlari va bazaviy moliyaviy xarajatlar koʻrsatkichlarini shakllantirish, tartibga solish bosqichlari, bu borada meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, mamlakat Byudjet kodeksiga asosan, moliyaviy xizmatlar koʻrsatish, buxgalteriya hisobi, hisoboti va qaydnomalarini yuritish, harbiy sanoat, moliya va iqtisodiyot tarmogʻidagi faoliyatning oʻziga xosliklari yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.

Mavzuga doir taqdimotlarda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalash, ish haqi, xizmat safari, kompensatsiya toʻlovlari, nafaqa va boshqa moliyaviy rejalarning metodologik taʼminoti turli grafik va jadvallarda aks ettirildi. Seminar mashgʻulotini yurtimizdagi turli harbiy okrug mutaxassislari videokonferens-aloqa orqali onlayn tarzda kuzatish imkoniga ega boʻldi.

– Rossiya – federal mamlakat. Shunga koʻra, federal byudjet loyihasini shakllantirishda ham qator oʻziga xosliklar koʻzga tashlanadi. Bugungi tadbirda Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarida yagona shtatlar tarifikatsiyasi siyosatini amalga oshirish, elektron byudjet statistikasi kabi jihatlar eʼtiborimni tortdi, – deydi Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi moliya-iqtisodiyot boʻlimi boshligʻi mayor Nodir Haydarov. – Oʻylaymanki, bu kabi oʻquvlar oʻzaro tajriba almashish, ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari xorijlik mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?