Qurilish vazirligi moddiy-texnik bazasi talab darajasida emas. Bu nimalarga toʻsqinlik qilyapti?

16:32 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
84 0

Illyustrativ foto

Qurilish vazirligi moddiy-texnik bazasining talab darajasida emasligi qurilish sohasidagi davlat xizmatlari koʻrsatish muddatlari buzilishiga, joylardagi qurilish boshqarmalari va boʻlinmalarining faoliyatini samarali tashkil etishga toʻsqinlik qilmoqda.

Qurilish sohasida korrupsiya va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichida jamoatchilik uchun shaffoflikni taʼminlash maqsadida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-sentyabrdagi “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga bir qator vazifalar belgilangan edi.

Qayd etilgan qarorda belgilangan vazifalarni sifatli bajarish, qurilishda shaffoflikni taʼminlashda xorij tajribasini oʻrganish qoʻl kelishi tabiiy. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatov boshchiligidagi delegatsiya Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Safar davomida delegatsiya aʼzolari qardosh davlatning bir qator idora va tashkilotlarida, xususan, qurilish sohasida yoʻlga qoʻyilgan ishlarni oʻrganish maqsadida Kayseri, Metropolitan shahri hokimliklarida boʻlishdi.

Delegatsiya, shuningdek, Atrof-muhit va shaharsozlik, qishloq xoʻjaligi vazirliklarida ham bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Atrof-muhit va shaharsozlik vazirining oʻrinbosari Mujahit Demirtosh bilan uchrashuv chogʻida qurilish, shaharlarni oʻzgartirish va urbanizatsiya masalalari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv chogʻida vazir oʻrinbosari toʻplangan tajribalarni Oʻzbekistonga yetkazishga tayyor ekanliklarini taʼkidlab, vazirlikning muhim faoliyatlaridan biri bu mamlakatning fazoviy strategiyasi rejasini tayyorlash ekanini aytib oʻtdi. Ushbu reja tufayli qishloq xoʻjaligi va sayyohlik hududlari himoya qilinib, atrof-muhit va tabiatga sezgir boʻlgan yangi sanoat zonalari yaratiladi va mamlakat iqtisodiyotiga oʻz hissasini qoʻshishda dunyoda ikkinchi oʻrinda turishini taʼkidladi.

Bugungi kunda turk qurilish kompaniyalari Oʻzbekistonda 3 milliard AQSH dollarlik 148 loyihani amalga oshirmoqda. Joriy yilning yanvar oyida Atrof-muhit va shaharsozlik vazirligi urbanizatsiya sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi loyihasini taqdim etgan. Ushbu oʻzaro anglashuv memorandumi orqali koʻplab sohalarda islohotlarni amalga oshirish tezlashadi va ikki mamlakat oʻrtasida bilim va tajriba almashinuvi taʼminlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?