Qurilish tashkiloti Ginnesning rekordlar kitobiga kirmoqchi edimi?

17:13 29 May 2019 Jamiyat
333 0

Illyustrativ foto

Butun boshli sihatgoh binosini qancha quruvchini jalb qilgan holda barpo etish mumkin? Kimdir bu savolga oʻn, kimdir yigirma va yana kimdir oʻttiz – qirq nafar ishchi kuchi bilan bino qad rostlaydi, deya javob berishi mumkin.

Ammo “Gʻijduvon Gʻovshun Maxsus Qurilish Montaj” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobotini koʻzdan kechirgan soliqchilar taajjubdan yoqa ushlashdi.Unda Buxoro shahridagi Sitorai Mohi Xossa mahalla fuqarolar yigʻini markazida barpo etilayotgan sihatgoh qurilishida atigi bir kishi ishlayotgani qayd etilgandi –da.Ehtimol, qurilish tashkiloti shu tariqa Ginnes Rekordlar kitobidan oʻrin olmoqchidir, degan xayolga borasan, kishi.

Vaholanki, oʻrganish shuni koʻrsatdiki, obyektda 10 nafar ishchi norasmiy tarzda mehnat qilayotgan ekan.

“Sayfullo mangu” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham kameral nazorati oʻtkazgan davlat soliq xizmati xodimlari yuqoridagiga oʻxshash holga duch keldilar.Elektr transformatorlari va uskunalarini taʼmirlash korxonasi binosini barpo etayotgan bu qurilish tashkilotida besh nafar ishchining norasmiy tarzda ishga yollangani maʼlum boʻldi.

“Buxoro sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham shunday hol aniqlandi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi masʼul xodimi B. Fayziyevning bildirishicha,tushuntirish ishlari natijasida yuqoridagi uchala holatda norasmiy ishlayotganlarning faoliyati qonuniylashtirilgan.Korxonalarga moliyaviy hamda maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllashning oldi olingan.

Holbuki, ushbu xatti-harakatlar maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 175ʼ5-moddasiga muvofiq fuqarolarga eng kam ish haqining 1 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solinishiga sabab boʻlardi.

Maʼlumot tariqasida aytish kerakki, joriy yilning oʻtgan davrida korxona va tashkilotlarning soliq va moliyaviy hisobotlari boʻyicha 5 749 marotaba kameral nazorat oʻtkazildi.

Buning natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning 12 mingtadan ziyod hisobotida soliq va boshqa majburiy toʻlovlar qayta hisob – kitob qilingan.Kamchiliklar aniqlanib, 126,8 milliard soʻm miqdorida qoʻshimcha mablagʻ hisoblangan hamda byudjet va byudjetdan tashqari jamgʻarmalarga 87,9 milliard soʻm undirib olingan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?