Qurilish sohasida mantiqsiz talablardan voz kechiladi

09:47 21 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
775 0

Illyustrativ foto

Bugun mamlakatimiz ulkan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan. Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning 6 oyi davomida 1 trillion 460 milliard soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 9,1 foiz oʻsganini koʻrsatadi.

Lekin bu koʻrsatkich yanada yuqoriroq boʻlishi ham mumkin edi. Qachonki, eski tizimdan qolgan tartib-taomillar bilan emas, balki zamon talablari asosida ish yuritilganida vaziyat boshqacharoq tus olardi. Birgina misol, yurtimizda qurilish sohasida sobiq tuzumdan meros qolgan, yaʼni 1964 yildan 1979 yilgacha ishlab chiqilgan 337 ta, jami 465 ta qurilish talabi bor ekan. Yana bir mantiqsiz qoidaga eʼtibor bering, aholi yashaydigan imoratlar shaharlarda 4 qavatdan, qishloq joylarda esa 2 qavatdan oshmasligi belgilab qoʻyilgan. Tabiiyki, bunga hech kim amal qilmay qoʻygan. Lekin ushbu talab qogʻozlarda qolib ketgandi.

Qurilish qilish uchun ruxsat olishda ham xuddi shunday innovatsion gʻoya va yangi texnologiyalarni qoʻllashga imkon bermaydigan, soha rivojini ortga tortadigan qoidalar saqlanib qolgan edi. Oqibatda mamlakatimiz “Qurilishga ruxsat berish” xalqaro indeksida 190 ta davlat orasida 134-oʻringa tushib qoldi.

Prezidentimizning “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni tizimda tub oʻzgarishlar yasaydigan hujjat boʻldi.

— Oxirgi 30 — 40 yil ichida bunday hujjat qabul qilinmagan, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi Ilhom Togʻayev. — Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar tamomila eskirgandi. Farmon bilan mamlakatimizga zamonaviy texnologiya va qurilish materiallari jalb qilinadi, binolarimiz qiyofasi butunlay oʻzgaradi. Shu bois ham uni tarixiy hujjat, deyish mumkin.

Xususan, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hisobiga qurilayotgan obyektlardan tashqari, barcha loyihaning smeta qismi majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi. Qurilishi bitkazilgan obyektlar qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, kadastr organlari, buyurtmachi, pudratchi (bosh pudratchi) vakillari ishtirokida foydalanishga qabul qilinadi. Pudrat tashkilotlari va loyiha tashkilotlari oʻrtasida konsorsium tashkil etilib, uning qatnashchilari zimmasiga loyihani “fast-track” usuli (bir vaqtning oʻzida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) bilan qurib bitkazish talabi qoʻyiladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab esa loyihalash hamda qurilish faoliyatini amalga oshirish uchun Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari tomonidan berilgan hujjatlar rasmiy tan olinadigan boʻldi. Qurilish uchun yer uchastkalari oʻz vaqtida va toʻgʻri ajratilishi hamda qurilish-montaj ishlari uchun tegishli hududlarning hokimlari shaxsiy javobgar qilib belgilandi. Qurilish uchun yer uchastkalari oʻz vaqtida yoki notoʻgʻri ajratilishi natijasida yetkazilgan zarar esa mahalliy byudjetlar mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bu mablagʻlar keyinchalik aybdor shaxslardan regress tartibida undirib olinadi.

Farmonga asosan, qurilish sohasida faoliyat yuritishga ruxsat berish talablari ham oʻzgaradi. Yaʼni 2019 yil 1 martdan qurilish sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlash Oʻzbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi. Obyektlarni qurishning barcha bosqichida loyiha muallifi hamda buyurtmachi tomonidan tegishli ravishda yoki sertifikatlangan ekspertni jalb qilgan holda mualliflik va texnik nazoratni oʻtkazish majburiy qilib belgilandi.

2020 yil 1 yanvardan uy-joy qurilishi obyektlari loyiha-qidiruv hamda qurilish-montaj ishlarini bajarish bosqichida energiya tejaydigan uskunalar bilan majburiy tartibda jihozlanishi lozim. Shuningdek, obyektlarning foydalanishga qabul qilinguniga qadar energetik audit pasportini olish talabi ham qoʻyilmoqda.

Yana bir yangilik shuki, endilikda qurilish sohasidagi milliy norma va talablar qaytadan ishlab chiqiladi hamda xorijiy standartlarga moslashtiriladi. Bu jarayon 2019 — 2021 yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Yaʼni 2019 yilda 120 ta, 2020 yilda 196 ta, 2021 yilda 149 ta, hammasi boʻlib, hozirgi kunda amalda boʻlgan qurilishdagi 465 ta talab va qoidalar, texnik reglamentlar “elak”dan oʻtkaziladi.

Shu bilan birga, qurilish sohasini texnik tartibga solishning normativ bazasi ham isloh qilinadi. Bu jarayon uch bosqichda amalga oshirilib, kelajakda milliy va moslashtirilgan xorijiy qurilish normalari hamda qoidalarini qoʻllash tajribasini umumlashtirish asosida qurilish tarmogʻini texnik tartibga solishning yagona normativ bazasi yaratiladi. Boshqa sohalarda boʻlgani kabi qurilish hamda loyihalash sohasidagi qoidalar ham endilikda ochiq-oydin va shaffof boʻladi. Yaʼni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan qurilish standartlari, texnik reglamentlar, qurilish normalari hamda qoidalarining yagona katalogi yaratiladi.

Farmonga asosan, Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 1 iyuldan boshlab qurilish jarayonining barcha ishtirokchisi (buyurtmachi, loyihachi, pudratchi) uchun BIM texnologiyalarini qoʻllashga bosqichma-bosqich oʻtishni nazarda tutuvchi tartibni tasdiqlaydi. Xoʻsh, BIM texnologiyasi nima oʻzi?

— BIM — bugungi kun talabiga javob beradigan texnologiya, — deydi “ToshuyjoyLITI” DUK bosh direktori Qahramon Hakimov. — Yaʼni 3D formatda loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borish hamda ushbu jarayonlarning oxirgi bosqichlarini koʻrish imkoniyatini beradi. Bu esa qurilish sifatini oshiradi.

Qisqasi, Farmondan oʻrin olgan keng koʻlamli chora-tadbirlar mamlakatimiz qurilish sohasini xalqaro talab hamda qoidalarga uygʻunlashtirish, bunyodkorlik ishlarini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil
multimedia markazi materiallari asosida
Rahim ShЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?