Qurilish sohasida deraza romlar, eshiklar va isitish moslamalari kabi qurilish mollari markazlashgan holda bitta korxona orqali yetkazib berilishi korrupsiyaga sabab boʻlgani tanqid qilindi

14:04 15 Iyun 2019 Iqtisodiyot
1023 0

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

Oliy Majlis Senati raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining kengaytirilgan majlisida Qurilish sohasidagi korrupsion holatga haqida ham gapirib oʻtdi.

“Biz 2016-yilda namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarda uy-joylar qurish ishlarining mavjud holatini oʻrgangan edik.

Oʻshanda qurilish materiallari va jihozlarni, jumladan deraza romlari, eshiklar va isitish moslamalari kabi qurilish materiallari va jihozlarni ishlab chiqarish uchun respublika boʻyicha bor-yoʻgʻi bittadan korxona tanlab olingani va ular markazlashgan holda yetkazib berilgani tanqid qilingan edi“, deydi Yoʻldoshev.

Senat raisiga koʻra, bu raqobat muhitini cheklashga olib kelgani, mazkur qurilish materiallari va jihozlarning sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, aholi va pudrat tashkilotlarining noroziligini keltirib chiqargan.

“Qolaversa, katta hajmdagi qurilish jihozlarini qisqa muddatlarda tayyorlab berish uchun faqat bir korxonaning imkoniyatlari yetarli emas. Bu esa, aksariyat hollarda noqonuniy ravishda boshqa subyektlarni buyurtmani bajarish uchun jalb etishga va shu tariqa korrupsiya bilan bogʻliq holatlarning davom etishiga sabab boʻladi.

Ayni paytda bu qurilish sanoati sohasida kichik biznes

va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, hududlarning ishlab chiqarish salohiyatini koʻtarish orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash, uning daromadi va farovonligini oshirish imkoniyatlarini cheklayotgani ham aniq misollar bilan bayon etilgan.

Bundan tashqari, qurilish materiallarining faqat Tosh- kent shahridagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilishi, ularni joylarga yetkazib berishda ortiqcha yoʻl xarajatlarini keltirib chiqarishi bilan birga, qishloq joylarda namunaviy uylar tannarxining oshishiga va sifatining yoʻqolishiga ham olib kelgan.

Biz bu kabi muammolarni hal etish maqsadida Hukumat va boshqa mutasaddi tuzilmalarga tegishli taklif va tavsiyalarni kiritgan edik.

Biroq, 3 yillik tahlillarga qaraganda, bu muammolar barham topish oʻrniga bugun yana ham jiddiy tus olgan.

Yaʼni, oʻsha paytda markazlashgan tarzda joylarga yetkazib beriladigan qurilish mahsulotlari va jihozlari 7 tani tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 20 tadan oshgan.

Bunday markazlashgan tizimda korrupsiya uchun sabab va sharoitlarning yoʻqligiga kim kafolat beradi ?!“, deya savol bilan murojaat qilgan Yoʻldoshev.

Bosh prokuraturadan olingan maʼlumotlarga koʻra, 2017– 2018-yillar va joriy yilning 4 oyi mobaynida qurilish sohasida qariyb 600 nafar shaxsga nisbatan 359 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayniqsa, arzon uy-joylarning qurilishi yuzasidan qariyb 60 nafar shaxsga nisbatan 30 dan ziyod jinoyat ishining qoʻzgʻatilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?