Qurilish materiallari respublika ilmiy-texnikaviy kengashining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi

21:32 25 Oktyabr 2020 Jamiyat
187 0

24-oktyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshida tashkil etilgan yangi turdagi innovatsion qurilish materiallari texnologiyalarini yaratishga qaratilgan respublika ilmiy-texnikaviy kengashi yigʻilishi OAV vakillari ishtirokida ochiq tarzda oʻtkazildi.

Mazkur ilmiy-texnikaviy kengash faoliyati 2019-yildan beri muntazam yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, kengash tarkibi 23 nafar professor, fan doktorlari, fan nomzodlaridan tashkil topgan. 2019-2020-yillarda 12 ta yoʻnalish boʻyicha jami 42 ta innovatsion loyihalar “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshidagi Ilmiy-texnikaviy kengashda koʻrib chiqish uchun loyihalar taqdim etilgan. Tanlov natijalariga koʻra, umumiy moliyaviy hajmi 10,605 mlrd. soʻmlik klinkerli sement, azbozuritdan asbest olish, zolobeton, yangi bogʻlovchilar olish texnologiyasini yaratish kabi 8 ta innovatsion loyihalar Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashida ijobiy baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etildi.

Navbatdagi ilmiy-texnikaviy kengashda yuqori qavatli turar joy binolari qurilish uchun bazalt asosida qurilish materiallari – armatura, issiqlik saqlovchi materiallar va boshqalarni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish loyihalari koʻrib chiqildi. Toshkent arxitektura-qurilish instituti professori, t.f.n. Poʻlat Mirzayev hamda “Yoshlar innovatsion markazi” davlat unitar korxonasining dotsenti, k.f.n. Maxamadjon Axmadaliyev oʻz innovatsion loyihalarining taqdimotini oʻtkazdilar. ikkala loyihada ham bazalt xom ashyosidan olinadigan qurilish materiallari toʻgʻrisida soʻz bordi.

Taʼkidlash joizki, bazalt asosiy effuziv togʻ jinsi boʻlib, magmatik turdagi togʻ jinslarining eng koʻp tarqalgani hisoblanadi. Bazal ekologik zararsiz materiallar sirasiga kiradi, sifatning asosiy kriteriyalari boʻlgan olovga bardoshlilik va yongʻinga xavfsizlik, haroratga chidamlilik, kislotaga chidamlilik, qizdirishda gaz ajralmasligi, past zichlik va oʻzgaruvchan haroratlar va iqlim sharoitlarida uzoq muddat xizmat qilishi bilan boshqa minerallardan ustunlikka egadir. Bu mineral tolaning afzallik tomoni togʻ jinsidan olinganligidadir.

Ilmiy-texnik kengash aʼzolarining yakdil fikriga koʻra mazkur loyiha mualliflarining taqdimotlarida kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Bazaltning qurilish sohasi uchun zarur xususiyatlarini yaratish texnologiyasini ishlab chiqishga qaratilgan mega-loyiha ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berildi. Ushbu topshiriqni bir oy muddatda amalga oshirish uchun Qurilish materiallari texnologiyalarini yaratishga qaratilgan respublika ilmiy-texnikaviy kengashi aʼzolari va boshqa mutaxassislardan tuzilgan ishchi guruh tashkil etilishiga kelishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?