Qurilish industriyasiga mos malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi

18:51 16 Oktyabr 2020 Siyosat
419 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yunusobod tumanida barpo etilayotgan Toshkent Arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib koʻrdi.

Qurilish ishlari joriy yil iyul oyida boshlangan edi. 5 qavatli ikkita oʻquv korpusi, 8 qavatli maʼmuriy bino va 4 qavatli yotoqxona qad koʻtarmoqda.

Bugungi kunda institutda 5 ming 400 dan ziyod talaba taʼlim oladi. 2020/2021 oʻquv yilidan kredit-modul tizimiga oʻtish natijasida 18 ta bakalavr taʼlim yoʻnalishi va 23 ta magistratura mutaxassisligi ochildi. Boʻlgʻusi quruvchilarga zamonaviy bilim berish maqsadida “aqlli” uylar va shaharlar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yangi yoʻnalishlar dasturga kiritildi.

Binolar foydalanishga topshirilgach, talabalarni qabul qilish qamrovi va taʼlim sifati ortadi.

- Oxirgi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasi rivojlandi, katta-katta inshootlar, zavodlar, uylar barpo etilmoqda. Lekin kim loyiha qilyapti, kim quryapti, qanday quryapti, degan savollar koʻndalang turibdi. Bu yerda zamonaviy qurilish industriyasiga mos yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari institut yonidagi 8-avtobus saroyini ham kirib koʻrdi. Bu avtoparkni boshqa joyga koʻchirib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratib berish, uning oʻrnida qurilish materiallari boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish taklifi bildirildi.

- Bu hudud quruvchilar massivi boʻlishi kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Arxitektura-qurilish institutining murabbiylari, ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari va ularning oilalari uchun ijtimoiy obyektlar ham barpo etilishi aytildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?