Qurilish firmasidan pora olayotgan Xalq ta’limi xodimi qo‘lga olindi

15:23 01 Iyun 2018 Jamiyat
1288 0

Qurilish firmasi uchun o‘ziga tegishli hududdagi ta’mirlash ishlarini olib berish maqsadida pora olayotgan Xalq ta’limi bo‘limi xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, joriy yilning 29 may kuni IIVga murojaat qilgan fuqaroning arizasi yuzasidan Vazirlik Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Sirg‘ali tumani Xalq ta’limi bo‘limi xodimi M.B. Sirg‘ali tumanining 7-mavzesidagi 1-uy oldida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarodan o‘zi mas’ul bo‘lgan tuman hududidan jami 120 mln. so‘mlik kapital ta’mirlash ish hajmini hal qilib berish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 400 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?