Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida bayonot berildi

14:39 25 Iyul 2020 Jamiyat
309 0

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi bayonotini eʼlon qildi:

"Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Oʻz huzurida eng ulugʻ kunlarni bizga bayram qilib bergan

Alloh taologa hamdu sanolarimiz boʻlsin!

Hazrati Rasuli muhtaramga salom va salavotlarimiz boʻlsin!

Aziz yurtdoshlar, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi nomidan Siz azizlarni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi boʻlgan Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.

Maʼlumki, butun dunyo boʻylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi avj olmoqda. Hozir insoniyat ogʻir sinovli davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar koʻrilmoqda. Lekin, butun jahonda boʻlgani kabi yurtimizda ham pandemiya bilan bogʻliq vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Baʼzi musulmon va qoʻshni davlatlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bogʻliq holat keskinligi sababli ulamolar tomonidan Qurbon hayiti namozini jamoat boʻlib oʻqishning iloji yoʻqligi haqida fatvolar eʼlon qilindi.

Islom dini manbalarida Qurbon hayiti namozi vojib amal ekani bayon etilgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan juma namozi vojib boʻlgan kishilarga hayit namozi vojib ekani naql qilingan. Juma namozi Qurʼon, sunnat, ijmo kabi qatʼiy dalillar bilan sobit boʻlgan farz amaldir. Modomiki muayyan uzrlar bilan farz boʻlgan juma namozini vaqtincha toʻxtatib turish toʻgʻrisida ulamolar fatvosi qabul qilingan ekan, vojib amal boʻlgan hayit namozini oʻqimaslik ham oʻz-oʻzidan maʼlum boʻladi.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020-yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini pandemiya davrida jamoat boʻlib oʻqish imkoniyati mavjud emasligi, moʻmin-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi. 

Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha fatvosida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holdagi xulosalari ayni Qurbon hayiti namoziga ham tegishlidir.

Bunday vaziyatda oyat, hadis va sharʼiy qoidalarda koʻrsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi. Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal boʻlgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit boʻladi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Iydul adha namozi ado qilinmasa ham Qurbon hayiti kunlari savobli amallar bisyor ekanini maʼlum qilamiz. Qurbon hayiti zulhijja oyining 10-kuniga toʻgʻri kelishi eʼtiboridan ushbu oy va uning birinchi oʻn kunligi fazilati juda ulugʻ ekani moʻtabar manbalarda bayon etilgan.

Alloh taolo Qurʼoni karimning “Fajr” surasida: “Tonga qasam. (Zulhijja oyidagi avvalgi) oʻn kechaga qasam. Juft va toqqa qasam”, deb marhamat qilgan.

“Juftga qasam”dagi “juft”dan murod, zulhijja oyining oʻninchi kuni, “toq”dan murod esa toʻqqizinchi kunidir. Imom Nisoburiy aytadilar: “Alloh taoloning ushbu oʻn kechaga qasam ichishi, bu kunlarning nechogʻlik sharafli va ulugʻ kunlar ekaniga dalolat qiladi va unda dunyoviy va uxroviiy manfaatlar borligini koʻrsatadi.

Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining roʻzasi undan oldingi bir yil va undan keyingi bir yillik gunohlarga kafforat boʻlishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Koronavirus pandemiyasi sabab karantin holatida hayit namozi oʻqilmayotgani uchun qurbonlikni tong otgandan boshlab qilish joiz boʻladi. Yurtdoshlarimiz hayit kuni bomdod namozini oʻqiganlaridan soʻng, quyosh chiqqandan keyin 4 rakat Zuho namozini oʻqib, keyin qurbonlik qilsalar, yanayam savobli boʻladi. Qurbonlik qilish hayitning 3-kuniga qadar davom etadi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Qurbon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hanafiy mazhabining moʻtabar fiqhiy manbalaridan biri boʻlmish “Majmaʼul anhur” kitobida shunday deyiladi:

اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ

أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ

yaʼni: “Maʼlum boʻlsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining oʻrniga qoʻyilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli oʻqilmay qolsa, ikki yoki toʻrt rakat nafl namoz oʻqish mustahab boʻladi. Toʻrt rakat oʻqigan afzal”.

Shunday ekan, Qurbon hayiti kunlarida savob ishlarni koʻpaytirish, takbiri tashriq aytish, nafl ibodat qilish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushboʻylanish, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan boʻladi.

Bayon etilgan sharʼiy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharoitida Qurbon hayitini nishonlash boʻyicha quyidagi tavsiyalarini eʼlon qiladi:

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Islom dini manbalari, Respublika maxsus komissiyasi xulosalari va tibbiyot mutaxassislari tavsiyalariga tayangan holda 2020-yilgi pandemiya sharoitida Qurbon hayiti – Iydul adha namozini oʻqish moʻmin-musulmonlarning zimmasidan soqit boʻlishini maʼlum qiladi.

Qurbon hayiti kuni moʻmin-musulmonlarga oʻz xonadonlarida quyosh terak boʻyi koʻtarilgandan keyin toʻrt rakatli nafl namozi oʻqishlari tavsiya etiladi.

Qurbon hayiti kuni imkoni bor yurtdoshlarimiz bomdod namozini oʻqib, keyin qurbonlik qilishlari tavsiya etiladi. Qurbonlik goʻshti uchga taqsimlanib, bir qismi – yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi – kambagʻal va muhtojlarga tarqatish, qolganini – oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada koʻpchilik boʻlsa, uyda qoldirsa ham boʻladi.

Bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab boʻladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli xil azaxonliklar, maʼraka-marosimlarni oʻtkazmaslik va qabristonlar ziyoratidan saqlanishni soʻraymiz. Xonadonda, oila-aʼzolari bilan birga Qurʼoni karim oyatlaridan tilovat qilib, oʻtganlarimiz ruhi poklariga baxshida etishni tavsiya etamiz.

Imom-xatiblar tomonidan bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Qurbon hayiti xonadonlarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka kirishi, bir-birimizga boʻlgan mehr-oqibatimizni yana-da ziyoda boʻlishiga sabab ekani toʻgʻrisidagi targʻibot ishlari amalga oshirilsin.

Aziz yurtdoshlar, Allohning rahmati va barakoti yogʻilib turgan ushbu kunlarda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan Oʻzi saqlab, hayotimizni bundan-da farovon qilsin.

Siz aziz yurtdoshlarimizdan belgilangan karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishingizni, oʻzingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qilishingizni soʻrab qolamiz.

Vassalomu alaykum va rohmatullohi va barakotuhu".

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolar Kengashi,

2020-yil 25-iyul

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?