Quyi Chirchiqda “Yoshlar — kelajagimiz” nomli shaharcha tashkil etildi (Fotoreportaj)

12:43 13 Noyabr 2018 Jamiyat
784 0

Joriy yilning may-iyun oylarida respublika ishchi guruhi tomonidan Quyi Chirchiq tumanidagi mavjud holat oʻrganilib, unda yoshlarning turmush sharoitlarini yaxshilash va tadbirkorlikka boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator loyihalarni roʻyobga chiqarish vazifalari belgilab olingan edi. Ertamiz egalarini qiynab kelayotgan 1,5 mingdan ortiq muammolarning 66 foizi joyida hal etildi. Qolganlarini ham bartaraf qilish choralari koʻrildi.

Oʻrganishlarda mutaxassislar yoshlarning ijtimoiy faolligi va turmush sharoitidan kelib chiqib, mahallalarga tashxis qoʻyishdi. Natijada 13 ta mahalla “ogʻir”, 18 tasi “qoniqarsiz” va 6 ta mahalla “qoniqarli” deb baholandi.

Bu mahallalarni bosqichma-bosqich “yaxshi” toifaga oʻtkazish maqsadida 14 ta yigʻinda “Yoshlar mehnat guzari” tashkil etish, shu orqali 1239 nafar yigit-qizning bandligini taʼminlash belgilandi.

Shuningdek, tuman hokimligi huzurida “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi ochilib, unga byudjet hisobidan 500 million, boshqa manbalardan 2 milliard soʻmdan koʻproq mablagʻ yoʻnaltirildi.

Oradan oʻtgan qisqa vaqt mobaynida amalga oshirilgan keng koʻlamli saʼy-harakatlar natijasida 116 nafar yoshga tadbirkorlik qilishi uchun 2,3 milliard soʻm kredit mablagʻi ajratildi.

Shularga mos ravishda “Mingchinor”, “Baliqchi” va “Uchchinor” mahalla fuqarolar yigʻinlarida “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi boshlab yuborildi. Birgina Uchchinor mahallasida “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi asosida foydalanishga topshirilgan “Yoshlar — kelajagimiz” deya nomlangan shaharchada bir yoʻla 120 nafar yosh ishli boʻldi.

Bu yerda “Barkamol avlod” bolalar badiiy ijodiyot markazi, “Yoshlar mehnat guzari”, maktabgacha taʼlim muassasasi, savdo majmuasi, dorixona, goʻzallik saloni, tibbiy xizmat koʻrsatish xonasi, oʻyin va sport maydonchalari mavjud.

Shaharchaning foydalanishga topshirilishi katta tantanaga aylandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda qatnashgan davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari uni respublikamizdagi birinchi va eng namunali shaharcha, deb baholashdi.

Darhaqiqat, bu yerdagi har bir obyekt eʼtiborga loyiq. Masalan, tikuv sexi faoliyatini olaylik. Unda, asosan, kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalar vakillari mehnat qilmoqda. Ishchilar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Ular “aqlli” tikuv mashinalarida buyurtmalarni tez va sifatli bajarishmoqda.

“Seximiz ochilishi bilan buyurtma ham koʻpayib ketdi, hozir ayollar uchun qishki kiyimlar tikyapmiz. Buni tugatgach, 34 mingta nimcha tayyorlashga kirishamiz. Qisqasi, bu yerda mehnat qilayotganlarning hammasi xursand”, — deydi sex ustasi Oygul Shakimova.

Hududdagi “Barkamol avlod” bolalar badiiy ijodiyoti markazi ham eng gavjum maskanlardan biridir. Unda 10 dan ortiq toʻgaraklar faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerga tumandagi bir qator maktablar oʻquvchilari, Ravnaq, Uchchinor, Xoʻja aholi punktlari yoshlari jalb qilingan. Markazdagi kompyuterlar poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga ulangan va yoshlarimiz 1200 ta elektron kitobni oʻqish imkoniga ega.

Shaharchadagi maktabgacha taʼlim muassasasi ham havas qiladigan darajada. Bu yerda bolajonlar uchun barcha shart-sharoit mavjud.

Oʻz navbatida, “Yoshlar — kelajagimiz”da namunali loyiha asosida 10 ta turarjoy barpo qilindi. Ular kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar vakillariga berildi. Xonadonlar homiylar tomonidan jihozlangan.

Umuman olganda, bundan besh oy oldin respublika ishchi guruhi ushbu tumandagi muammolarni oʻrganish jarayonida birorta mahallani “yaxshi” toifaga kiritmagandi. Bugun esa Uchchinor mahallasida barpo etilgan bu moʻjaz shaharcha yurtimizdagi eng namunali, deya taʼriflanishi hech kimni beeʼtibor qoldirmasligi, shubhasiz.
Rahmatilla ShЕRALIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Suratlar muallifi: Hasan Paydoev/“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?