Quyi Chirchiqda 39 yoʻlovchisi bor avtobuslar toʻqnashib ketdi, bir kishi halok boʻldi

10:38 08 Noyabr 2019 Jamiyat
212 0

2019-yilning 8-noyabr kuni soat 07:15 lar atrofida Toshkent shahri Uchtepa tumanida joylashgan “Aziya Mebel” tekstil fabrikasiga ketayotgan, “Oqqoʻrgʻon-Quyi Chirchiq-Yangiyoʻl“ yoʻnalishida harakatlanayotgan “Isuzi“ markali, davlat raqami 10 V 328 OA boʻlgan avtobus mahalliy aholidan iborat ishchilarni Toshkent shahridagi korxonalardan biriga olib ketayotgan, davlat raqami 10 830 JBA boʻlgan avtobusni quvib oʻtmoqchi boʻlganida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.

Hodisa sodir boʻlgan vaqtda toʻqnashib ketgan avtobuslarda jami 39 nafar yoʻlovchi boʻlgan. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Jabrlangan yoʻlovchilar Quyi Chirchiq va Oqqoʻrgʻon tumanlari markaziy kasalxonalariga joylashtirilib, tibbiy yordam koʻrsatilgan, ularning yaqinlariga xabar berilgan. Yoʻlovchilarning 1 nafari koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramay shifoxonada vafot etgan.

Vaziyat huquq-tartibot idoralari nazoratiga olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?