Qozoq matbuoti: Qozog‘iston o‘ylab o‘tirguncha O‘zbekiston dadil qadamlar bilan ilgarilab ketmoqda

09:47 02 Avgust 2018 Jamiyat
1266 0
Foto: uniset.uz

Qozog‘istonning mashhur internet nashrlaridan biri bo‘lgan 365info.kz saytida ana shu sarlavhada maqola e’lon qilindi. Unda atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va bu borada Qozog‘istondagi holat tahlil qilingan.

“Mana 20 yildirki, Qozog‘iston hududida AES qurish loyihasi muhokama qilinadi. Ehtimoliy maydonlar aniqlangandi, istiqbolli rejalar tuzilgandi, qizg‘in bahslarda barcha “+” va “-“lar aniqlangandi, biroq Bozumbayevning (Qozog‘iston energetika vaziri — “Xalq so‘zi”) aytishicha, haligacha qaror qabul qilinmadi. O‘zbekiston esa Rosatomning taklifini ikkilanib o‘tirmay qabul qildi va endi uning o‘z atom elektr stansiyasi bo‘ladi”, deyiladi maqolada.

Muallif atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish uchun O‘zbekiston kabi Qozog‘istonda ham ehtiyoj va imkoniyatlar mavjud ekanligini ta’kidlaydi va bu masala goh hamkor tanlash masalasi, goh joy borasida bir to‘xtamga kela olmaslik sabab tinimsiz ravishda ortga surilib kelayotganini ta’kidlaydi.

Shuningdek, maqolada ilmiy tadqiqotlarga ixtisoslashgan “PIR-sentr” (Rossiya) ilmiy xodimi professor Vadim Kozyulinning quyidagi fikrlari keltirib o‘tilgan: “O‘zbekistonda sovet davrlaridan buyon uran qazib olinadi. Energiya manbalari katta muammoga aylangan bugungi kunda O‘zbekiston uchun bu masalani uzil-kesil hal qilish vaqti keldi. Umuman, Prezident Mirziyoyev ko‘plab shu kabi jiddiy muammolar yuzasidan dadillik bilan qaror qabul qilmoqda. Tinchlik yo‘lidagi atom O‘zbekistonga mutlaqo yangi sohaga asos solish, yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash, tibbiyot va murakkab uskunalar bilan bog‘liq fanlar va ishlab chiqarish tarmoqlari paydo bo‘lishiga zamin yaratadi”.

365info.kz nashri maqolaga xulosa qilar ekan, 2000 yillarda Atirau oblastida integratsiyalashgan neft-kimyo kompleksini barpo etish loyihasini esga oladi. “Bu zavod polimerlar ishlab chiqarish bo‘yicha MDHda yetakchi ishlab chiqaruvchiga aylanishi mumkin edi. Ammo bizning mutaxassislar o‘ylanib o‘tirguncha bunday ulkan kompleks 2016 yilda O‘zbekistonda, atigi 4 yil ichida qurib bitkazildi va Markaziy Osiyo bozorini darhol egallab oldi. Qozog‘iston yuqori texnologiyalar borasida yetakchilikni, bu istiqbolli bozorni qo‘shnilarimiz va yaxshi ma’nodagi raqobatchimizga berib yuborishini istamagan bo‘lardik”, deyiladi maqolada.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?