Qozogʻistonda yangi tahrirdagi “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi taqdimoti oʻtkazildi

18:42 14 Sentyabr 2020 Siyosat
125 0

Mamlakatimizning Qozogʻistondagi elchixonasida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti saʼy-harakati bilan yangi tahrirda chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobiga bagʻishlangan taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Tadbirda Qozogʻistondagi “Oʻzbek tili doʻstlari” klubi aʼzolari, Nur-Sulton shahri Oʻzbek etno-madaniy markazi aʼzolari qatnashdi.

Taqdimot doirasida Oʻzbek etnomadaniy markazi rahbari va Qozogʻiston xalqi assambleyasi raisi oʻrinbosari Sherzod Poʻlatovga 5 jildli yangi tahrirdagi “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi topshirildi.

Muloqotda qayd etilganidek, diplomatik vakolatxona mamlakatimizda davlat tilini keng targʻib qilish, milliy va xalqaro miqyosdagi maqomini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi doirasidagi ishlarni izchil davom ettiradi. Xususan, 21-oktyabr – oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobining navbatdagi taqdimotini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Ushbu nufuzli sana munosabati bilan Qozogʻiston Respublikasi Davlat arxivi binosida Qoʻlyozmalar va noyob kitoblar milliy markazi, Qozogʻiston xalqi assambleyasi ilmiy-ekspert kengashi, Oʻzbek etnomadaniy birlashmasining Nur-Sulton shahri markazi bilan hamkorlikda madaniy tadbir tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?