Qozogʻistonda yoʻlda qolib ketgan oʻzbekistonliklar boʻyicha maʼlumot berildi

19:52 13 Fevral 2020 Siyosat
326 0

Foto: www.google.com

Oʻzbekistonning Aqtau shahridagi (Qozogʻiston) bosh konsulxonasi 2020-yil 11-fevral kuni Samara-Chimkent yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan va yoʻlovchilari orasida 20 nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan avtobus Aqtoʻbe viloyati hududida buzilib qolganini maʼlum qildi.

Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotida aytilishicha, nosozlikka sovuq ob-havoda avtobus yonilgʻisi muzlab qolgani sabab boʻlgan.

Mamlakatning Nur-Sulton shahridagi elchixonasi 12-fevral kuni Qizil-Oʻrda – Pavlodar trassasida Pavlodar viloyati hududida ichida 19 nafar yoʻlovchi – Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan mikroavtobus nosozlik tufayli toʻxtab qolgani toʻgʻrisida tarqalgan maʼlumotni tasdiqladi.

Ikkala vaziyatda ham hech kim jabrlanmagan, tibbiy yordamga ehtiyoj sezilmagan. Qozogʻistonning yoʻl politsiyasi va favqulodda vaziyatlar boʻyicha organlari xodimlarining tezkor yordami bilan transport vositalari taʼmirlangan va yoʻnalishini davom ettirgan.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti Oʻzbekiston fuqarolari eʼtiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishki vaqtda Qozogʻistonga kirishda yoki uning hududidan oʻtishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar koʻrish zarurligiga qaratgan.

Qozogʻiston hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari, jumladan tranzit bilan boshqa davlatga oʻtayotganlar, zarur hollarda mamlakatning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10); Aqtau shahridagi bosh konsulxonaga (tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi bosh konsulxonaga (tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligi eslatib oʻtilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?