Qozogʻistonda aldanib, pasporti olib qoʻyilgan Oʻzbekiston fuqarosiga yordam koʻrsatildi

14:09 01 Aprel 2019 Jamiyat
394 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonning Olma-ota shahridagi (Qozogʻiston) Bosh konsulxonasi bergan maʼlumotlarga koʻra Oʻzbekiston fuqarosi Jasurbek Toshpoʻlatov 2019 yilning 25 mart kuni diplomatik vakolatxonaga murojaat qilib, hisobga qoʻyib berish bahonasida olib qoʻyilgan va qaytarib berilmagan oʻzining milliy pasportini qaytarib olishida yordam koʻrsatishni soʻragan. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻrnatilgan tartibdan kelib chiqqan holda 30 mart kuni unga Vatanga qaytish guvohnomasi berildi. Shu bilan birga u pasportining qonunga xilof tarzda olib qoʻyilgani haqida ariza bersa, mazkur masala Qozogʻiston huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda koʻrib chiqiladi.

Ushbu va shunga oʻxshash boshqa holatdan kelib chiqqan holda TIV Konsullik-huquqiy departamenti xorijga chiquvchi vatandoshlarimizga hech bir holatda va har qanday vajga qaramay Oʻzbekiston fuqarosi pasportini begona shaxslarga bermaslik kerakligini eslatadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?