Qozogʻistonda 52 nafar oʻzbekistonlikning hayotiga zomin boʻlgan avtobusdagi yongʻin boʻyicha sud boshlandi

15:26 05 Sentyabr 2018 Jamiyat
206 0
Arxiv foto

Kuni kecha Aqtoʻbe viloyat sudida 52 nafar oʻzbekistonlikning umriga zomin boʻlgan avtobusdagi yongʻin boʻyicha ochilgan jinoiy ishni koʻrib chiqishga kirishdi. Bu haqda newsme.com.ua xabar berdi.

Sud eshituvlariga 11 kishi - Oʻzbekistondan fojea oqibatida hayotdan koʻz yumganlarning qarindoshlari hamda ayblanuvchi - avtobus haydovchisi Maqsat Pernebekovning opasi ham yetib kelgan.

Sudlanuvchilar besh kishi boʻlib, ular uch nafar avtobus haydovchisi hamda “Aziya tranzit servis” transport kompaniyasi taʼsischisi va bu kompaniya mexanigidir. Avtobus haydovchilari– Nurjan Qirgʻizbayev, Maqsat Pernebekov va Barat Tanatov2018 yilning 26 yanvaridan beri Aqtoʻbedagi tergov izolyatorida hibsda ushlab turilibdi. Ularga nisbatan ikki va undan ortiq kishining oʻlimiga olib kelgan yongʻin xavfsizligi talablari va transport vositalari ekspluatatsiyasi qoidalarini buzish aybi qoʻyilmoqda. Qolgan ikki nafar sudlanuvchi Aqtoʻbedan chiqib ketmaslik borasida tilxat bilan ozodlikka chiqarilgan edi. Kompaniya taʼsischilariga yuridik shaxs sifatida oʻz zimmalariga olgan majburiyatlarni bajarmaslik va nosoz transport vositasini ekspluatatsiyaga chiqarish, hujjatlarni soxtalashtirish kabi ayblar qoʻyilmoqda. Mexanikka nosoz avtobusni yoʻnalishga chiqarish aybi qoʻyilgan.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus 18 yanvar kuni Aqtoʻbe viloyatining Irgiz tumanidagi trassada yonib ketgandi. Besh kishi tirik qolgan, 52 kishi hodisa joyida halok boʻlgandi. Yongʻin olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish sababli kelib chiqqandi. Tergov faraziga koʻra, haydovchi salonni kavshar lampada isitmoqchi boʻlgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?