Qozogʻiston Senati Oʻzbekistonga neft yetkazib berishga oid bitimni maʼqulladi

23:12 14 Mart 2019 Iqtisodiyot
120 0

Illyustrativ foto

Bugun Qozogʻiston Senati yalpi majlisda energetika sohasidagi hamkorlikning ayrim masalalari boʻyicha Qozogʻiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatlari oʻrtasidagi hadli bitimni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunni qabul qildi, deb xabar berdi “Kapital” internet resursi.

Mazkur bitim 2017 yil 16 sentabr kuni Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi chogʻida imzolangan edi.

Bundan oldin Qozogʻiston energetika vaziri Kanat Bozumbayev bitimning ratifikatsiyasi Oʻzbekistonga neftni qayta ishlash uchun neft xom ashyosini yetkazib berish, kuz-qish mavsumida Janubiy Qozogʻistonni tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash masalasini hal etish, shuningdek, Oʻzbekiston gaz yetkazib berish tizimlarining tranzit salohiyatini rivojlantirishda oʻzaro manfaatdorlik, neft-kimyo loyihalarini amalga oshirish va ulardan foydalanishda tajriba almashishda qoʻl kelishini aytib oʻtgandi.

U ushbu kelishuv ijrosi doirasida Qozogʻiston oʻz resurslari hisobidan Kenkiyak — Qumqol neft quvuri, soʻngra Shagʻir stansiyasi orqali neftni yetkazib berishga tayyor ekanligini bildirgandi.

K. Bozumbayevning maʼlumotlariga koʻra, ushbu yoʻnalish boʻyicha 1 tonna neft uchun tarif qiymati 25,12 dollarga teng. Qolaversa, Rossiya neftini Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga yetkazib berish ham nazarda tutilgan.

Yuqoridagi bitim doirasida “KazTransGaz” AJ va “Oʻztransgaz” AJ Qozogʻiston gazini Oʻzbekiston hududiga yetkazib berishga oid shartnoma imzolagan. Vazirlik xabariga koʻra, oʻtgan yil oxirida Gazli — Chimkent magistral gaz quvuri boʻylab sinov tariqasida kelgusida koʻpaytirish ehtimoli bilan kuniga 2-2,5 million kubometr hajmda gaz yetkazib berish boshlangan.

Bitimda energetika sohasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish ham koʻzda tutilgan.

Senatning tegishli qoʻmitasi xulosasida keltirib oʻtilganidek, Oʻzbekiston tomoni yiliga 2 million tonnagacha boʻlgan hajmda Qozogʻiston neftini olishga qiziqish bildirgan.

Mazkur hujjatda Oʻzbekiston tomoni neftning rejalashtirilayotgan hajmini qabul qilib olish uchun oʻz hududida neft transporti va neftni qayta ishlash infratuzilmalari qurilishini vaqtida yakunlashga kafolat berayotgani taʼkidlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?