Qozogʻiston oʻz “Neksiya”sini ishlab chiqardi. U oʻzbekcha muqobilidan nimasi bilan farq qiladi?

12:26 04 Iyul 2019 Iqtisodiyot
604 0

Qozogʻistonda ishlab chiqarilgan Ravon Nexia R3 rusumidagi avtomobilning dastlabkilari rasmiy dilerlar shou-rumlarida paydo boʻldi, deb xabar berdi Kursiv.kz.

Avtomobil GM Uzbekistan tomonidan Chevrolet Aveo bazasida Ravon markasida ishlab chiqilgan. Mazkur model ilk bor 2015-yil oktyabr oyida taqdim etilgandi. Restayling(uslubi qayta oʻzgartirilgandan) soʻng Qozogʻistonda ham paydo boʻlgan.

Qozogʻistonlik xaridorlar avtoulovni Comfort va Optimum yoʻnalishlarida sotib olishlari mumkin. Har ikki tur ham 106 ot kuchiga ega, benzinda harakatlanadi, har ikkisiga 5 pogʻonali mexanik transmissiya yoki 6 pogʻonali “avtomat” oʻrnatilgan.

Avtomobillar xavfsizlik yostiqchalari, ESC, ABS kurs barqarorligi tizimi, Era-Glonass tizimi bilan jihozlangan.

Mahalliy ishlab chiqarish hisobiga Nexia R3ni imtiyozli kredit(nominal stavka yillik 4 foizga teng) dasturi boʻyicha ham xarid qilish mumkin. U Oʻzbekistondagi muqobilidan arzon boʻladi. Sedan narxi 3,8 mln. tenge(qariyb 9,8 ming dollar)ga teng. Kafolati 5 yil yoki 100 ming km.ga teng.

Hozircha Kustanay shahridagi zavodda faqat R3 modeli yigʻilishi rejalashtirilgan, kelgusi yildan ularning safi kengayishi mumkin.

Joriy yilda shu rusumdagi 16 mingta avtoulovni ishlab chiqarish maqsad qilingan. Shundan 6 mingtasi ichki, 10 mingtasi eksport, jumladan, Rossiya bozorlariga chiqariladi.

“Dunyo” AAning yozishicha, ushbu yangilik munosabati bilan Olmaota shahrida taqdimot marosimi oʻtkazildi. Unda davlat va jamoatchilik doiralari, dipkorpus vakillari ishtirok etdi.

- Qozogʻistonda Ravon Nexia R3 loyihasining amalga oshirilishi ikki qardosh davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy sohalardagi davom etayotgan muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin misolidir, - dedi Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchisi Saidikrom Niyozxoʻjayev. – Erishilgan natija ikki davlat ishbilarmonlarining oʻzaro foydali shartlar asosida hamkorlikdagi mahsulotlar bilan tashqi bozorga chiqish boʻyicha sheriklikning yangi shakllarini rivojlantirishga tayyor ekanligini koʻrsatadi.

UzAuto Motors boshqaruvchi direktori Aleksandr Sahobov esa Ravon R3 Qozogʻiston bozoridagi mahsulotlar turkumi flagmani ekanligini taʼkidladi.

- Qozogʻiston bozorida hamkorlikning boshlanishida biz distribyuterlar bilan ishlagan edik, endi Ravon avtomobil markasini ishlab chiqarish Qozogʻistonda ham yoʻlga qoʻyilganidan xursandmiz, - deya qoʻshimcha qildi u.

Allur Auto kompaniyalar guruhi prezidenti Oksana Xolstina oʻz guruhiga tegishli “SarыarkaAvtoProm” Qozogʻiston avtomobilsozligi yetakchisi ekanligini taʼkidladi.

- Biz mahsulotlarimiz, jumladan, Ravonʼning sifatiga kafolat beramiz. Isteʼmolchilar mamnun boʻladi degan umiddamiz. Biz ushbu voqeani anchadan beri kutayotgan edik va ushbu modelning oʻzida toʻxtab qolish niyatimiz yoʻq. Kelajakda Qozogʻistonda yigʻilgan boshqa modellarni ham taqdim etamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?