Qozog’im — qardoshim, o’zbegim — o’z og’am 

12:50 18 Aprel 2018 Jamiyat
779 0
Foto: E.Omarov («Egemen Qazaqstan») 

Evrosiyoning “yuragi”da joylashgan mintaqamiz xalqlarini ming yillik qardoshlik hamda yaxshi qo’shnichilik rishtalari bog’lab turadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mintaqa davlatlari integratsiyasi yo’lidagi sa’y-harakatlari, Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboev bilan birga xalqlar o’rtasida do’stlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasidagi tashabbuslari har ikki yurt ahlini ham birdek mamnun etmoqda.

Prezidentimiz ilgari surgan o’zaro maslahatlashuvlar bo’yicha uchrashuvlarni muntazam tashkil etish tashabbusi Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev tomonidan qo’llab-quvvatlandi. 
Joriy yilning 15 martida Ostona shahrida ilk marotaba Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Mamlakatlarimiz ikki tomonlama va Birlashgan Millatlar Tashkiloti, EXHT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi kabi qator nufuzli tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilayapti.

2018 yil — Qozog’istonda O’zbekiston yili

Yaratganning o’zi bizga qo’shni bo’lishdek bebaho ne’matni ato etgan. Bizning donishmand ota-bobolarimiz “Hovli olma, qo’shni ol”, deb bejiz aytishmagan. Biz azal-azaldan bir zaminda, bir quyosh ostida yashab kelmoqdamiz, bizning ildizlarimiz bir.

Xalqlarimizning Abu Rayhon Beruniy va Abu Nasr Forobiy, Xo’ja Ahmad Yassaviy va Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy va Abay Qo’nonboev, Oybek va Muxtor Avezov, o’afur o’ulom va Sobit Muqonov kabi ulug’ namoyandalari va boshqa ko’plab atoqli olimlar, mutafakkir va shoirlar merosi bizning umumiy boyligimizdir.
Biz insonparvarlik va ezgulik g’oyalari bilan yo’g’rilgan bu ma’naviy merosni asrab-avaylashimiz va boyitishimiz lozim.

Shavkat MIRZIYOEV,

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti

Foto: E.Omarov («Egemen Qazaqstan»)

Qozog’istondagi O’zbekiston yili xalqlarimiz o’rtasidagi qadim zamonlardan kelayotgan, umumiy tariximiz, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi bilan isbotlangan qardoshlik aloqalarining yorqin ko’rinishidir. Bizda umumiy dunyoqarash, fikrlash, madaniyat, din va umumiy urf-odatlarimiz bor. Madaniyat, til va an’analar -doimo xalqlarning o’zaro yaqinlashuviga asos bo’lgan.

Nursulton NAZARBOEV,

Qozog’iston Respublikasi Prezidenti

Foto: E.Omarov («Egemen Qazaqstan»)

O’zaro yaqin aloqalar, ochiq muloqot qadim an’analarning bugungi global dunyoda yangi ko’rinishlarda namoyon bo’lishini talab etadi. Shundan kelib chiqib, endilikda turli sohalarda munosabatlarning faollashgani ezgu maqsad — mintaqa xalqlarining yanada yaqinlashishiga xizmat qilmoqda.

O’zbek va qozoq xalqlarining qavmu qarindoshlik, do’stu birodarlik munosabatlari tarixi uzoq o’tmishga borib taqaladi. Endilikda O’zbekiston hamda Qozog’iston davlatlari o’rtasida do’stona qo’shnichilik va strategik hamkorlik tili, dini, urf-odati, adabiyoti hamda madaniyatlari mushtarakligiga tayangan holda izchil ravnaq topmoqda.

Yaqin sheriklik, o’zaro tenglik, hamfikrlik va yuksak ishonch kabi ustuvor tamoyillarni singdirgan O’zbekiston Respublikasi bilan Qozog’iston Respublikasi o’rtasida abadiy do’stlik to’g’risidagi Shartnoma (1998 yil), Strategik sheriklik to’g’risidagi shartnoma (2013 yil) hamda boshqa qator hujjatlar asosida davlatlar o’rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib bormoqda.

Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Samarqandda bo’lib o’tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo’lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferentsiyada mintaqamizdagi dolzarb masalalarni mamlakatlarimizning sa’y-harakatlarini umumiy mas’uliyat tamoyili asosida birlashtirish orqaligina hal etish mumkin, deya ta’kidlagan edi. Ana shunday umumiy muammolarni hal qilishning yo’llarini birgalikda izlab topishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarini Qozog’iston poytaxti Ostona shahri tomon chorladi. Prezidentimiz ilgari surgan o’zaro maslahatlashuvlar bo’yicha uchrashuvlarni muntazam tashkil etish tashabbusi Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev tomonidan qo’llab-quvvatlandi. Joriy yilning 15 martida Ostona shahrida ilk marotaba Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Xalqaro siyosiy masalalarda ham O’zbekiston hamda Qozog’iston bir-birini qo’llab-quvvatlab kelmoqda. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama va Birlashgan Millatlar Tashkiloti, EXHT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi, -Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi kabi qator nufuzli tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilayapti. Mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo’yicha tomonlarning pozitsiyalari o’xshash yoki yaqindir. Ayniqsa, so’nggi paytlarda O’zbekiston va Qozog’iston davlat rahbarlarining siyosiy irodasi hamda o’zaro intilishlari tufayli azaliy do’stlik, yaxshi qo’shnichilik va strategik sheriklik aloqalarini mustahkamlash yo’lida, haqiqatan ham, ulkan natijalarga erishildi.

Navro’z qadriyatlari ila

Toshkent viloyati delegatsiyasi Janubiy Qozog’istonda, Qizilo’rda, Sharqiy Qozog’iston hamda Janubiy Qozog’iston viloyatlari delegatsiyalari O’zbekistonda bo’lishdi. Yaylovda moli, uyda oilalari tom ma’noda “qorishib” ketgan bu ikki xalqning birdamligiga yaqindagina qardosh Qozog’iston poytaxtidagi “Astana-opera” teatrida bo’lib o’tgan “Qozog’istonda O’zbekiston yili”ning rasmiy ochilish tantanalarida yana bir karra amin bo’ldik. Bu ikki xalqning necha asrlik orzu-umid va intilishlari mushtarak ekanligining isbotidir. Ushbu voqea xalqlarimiz tarixida birinchi marta Navro’z ayyomi arafasida boshlangani ham o’ziga xos ramziy ma’noga ega.

— Televidenie orqali “Qozog’istonda O’zbekiston yili” boshlanishi munosabati bilan Ostona shahridan to’g’ridan-to’g’ri olib berilgan bayram tadbiri, unda o’zbekistonlik san’at ustalari tomonidan namoyish etilgan kontsertni tomosha qilayotib, beixtiyor ko’zlarimga yosh keldi, — deydi Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumanidagi 5-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Zulfiya Duysenova. — Xalqimizda “Navro’zda amalga oshirilgan ezgu ishlar, bayram shukuhi yil bo’yi davom etadi”, degan tushuncha bor. Biz ham aynan shu kuni qo’shnilarimiz bilan sumalak qaynatayotgan edik. Rivoyatlarga ko’ra, mana shunday paytda uyga kirib keladigan mehmonning qadami qutlug’ bo’ladi.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev va Qozog’iston Prezidenti Nursulton Nazarboevning bir-biriga bo’lgan yuksak hurmati, ezgu niyatlarga yo’g’rilgan samimiy chiqishlari, umuman, tantana hamda kontsert bizda chuqur taassurot qoldirdi. Azaliy bahor taomini qaynatayotib, mana shunday barqaror yurtda tinch-totuv yashayotganligimizga, xalqlarimizning o’zaro yaqinligi, madaniyatimiz, an’anayu urf-odatlarimiz o’xshash ekanligiga shukronalar aytdik.

“Yurtimizga xush kelibsiz!”

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan yo’l olgan avialaynerimiz salkam ikki ming kilometrlik masofani atigi 2 soat ichida bosib o’tib, Qozog’iston poytaxti Ostona shahridagi “Nursulton Nazarboev Xalqaro aeroporti”ga etib keldi.

Markaziy Osiyoda betakror va zamonaviy megapolis shahar nomiga ega Ostonaga birinchi bor kelishim. Shu bois aeroport hududi, undagi yo’lovchilar uchun yaratilgan qulayliklardan mamnun bo’ldim. Ayniqsa, pasport nazoratidan o’tish paytida qozog’istonlik bojxona xodimi Jasulan Bayakeshevning menga qarata: “Hurmatli mehmon! Yurtimizga xush kelibsiz! Safaringiz bexatar o’tsin!” degan murojaatidan hayajonlandim, o’zim kabi oddiy yo’lovchilarga bildirgan iliq muomalasidan xursand bo’ldim.

— O’zbekistonda kechayotgan ijobiy o’zgarishlardan xabardormiz, — deydi “Toshkent — Ostona” reysi bilan kelganimni anglagan ostonalik haydovchi Asqar og’a. — Yurtboshingiz Shavkat Miromonovich ko’p xayrli ishlarni boshladi. Ayniqsa, yaqin qo’shni davlatlar bilan bordi-keldini joyiga qo’ydilar. Yaqinda O’zbekistondan ko’p mehmon keldi — artistlar, yozuvchilar... Bu yil bizda “O’zbekiston yili”, shu sabab ko’plab tadbirlar o’tkazilar ekan.

— O’zbekiston haqida yana nimalarni bilasiz? — suhbatga chorlayman u kishini. — Biz tomonlarda bo’lganmisiz?

— Sizlarda sanoat, turizm sohalari, qishloq xo’jaligi yuksak rivojlangan, — davom etadi Asqar og’a. — Chiroyli, shinam va kamxarj o’z mashinalaringiz bor. Poliz mahsulotlari esa dunyoda eng mazali desam, aslo mubolag’a emas. O’tgan yili “EKSPO — 2017” ko’rgazmasida O’zbekiston pavilonidagi eksponatlarni ko’rib, bunga to’liq amin bo’ldim.

Xalq ichida “Elorda” deya tan olingan Ostonaga kelganimizda qozog’istonlik jurnalist ukamiz Nurlan Tuyakov hamrohligida mazkur go’zal hamda navqiron shaharning Tinchlik va totuvlik saroyi, “Bayterek” monumenti (“Tinchlik daraxti”), “Astana-opera” davlat opera va balet teatri, “Hazrat Sulton” masjidi, “MEGA Silk Way”, “Xan-shatir” savdo-ko’ngilochar markazlari, “EKSPO — 2017” xalqaro ko’rgazmasi o’tkazilgan “Nur alem” majmuasini tomosha qildik.

Hamkasbimning aytishicha, Ostona EXHTning sammiti, Osiyo qishki o’yinlari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining tarixiy majlisi, “EKSPO — 2017” butunjahon ko’rgazmasi, Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo’yicha birinchi sammiti, ilk bora o’tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi hamda boshqa ko’plab nufuzli xalqaro anjumanlarga ham mezbonlik qilgan. Ayni paytda u Qozog’istonda yirik biznes markazlarining biri hamdir.

“Ovuli aralash, qo’yi qo’ralash”

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mintaqa davlatlari integratsiyasi yo’lidagi sa’y-harakatlari, Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboev bilan birga xalqlar o’rtasida do’stlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasidagi -tashabbuslari har ikki yurt ahlini ham birdek mamnun etmoqda.

— Qardosh ikki xalq do’stligi mustahkamlanaversin! — deydi Qozoq milliy agrar universiteti professori, almatilik Serg’ali Mirzaqulov. — Axir quyoshli o’lkada qo’shni joylashgan bu ikki elni “Ovuli aralash, qo’yi qo’ralash”, deb bejiz atashmagan. Bugungi kunda bizning universitetimizda 78 nafar o’zbekistonlik yigit-qiz tahsil olayapti. Qozog’istonlik tengdoshlari bilan birga, bilimlarini charxlab, milliy urf-odat, madaniyatini targ’ib qilib yurgan bu yoshlarga qarab, chin dildan quvonasan kishi.

O’zbek va qozoq olimlari, yirik korxonalar hamda tashkilotlar rahbarlari ishtirokida so’nggi yangiliklar bilan o’rtoqlashish, tajriba almashish bo’yicha anjumanlar, seminar va uchrashuvlar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo’lishi haqida so’zlagan Serg’ali og’a bu haqda hali matbuotda chiqishlar qilish orzusini ham yashirib o’tirmadi.

— O’zbek hamda qozoq xalqlari o’rtasida azaldan madaniy aloqalar rivojlangan, urf-odat va an’analaridagi mushtaraklik bu munosabatlarning tobora mustahkamlanishiga -xizmat qiladi, — deya suhbatimizga qo’shiladi tadbirkor Abdurashid Ergeshov. — O’zaro munosabatlarimizning yaxshilanishi bois xalqlarimiz bir-biriga yanada yaqinlashsa, taraqqiyot sari birgalikda odimlasak, nur ustiga nurdir.

— O’zbekiston mening ona-Vatanim, — faxr ila so’zlaydi Nurislom O’ktamov. — Shu go’zal yurtda tug’ilib o’sdim, voyaga etdim. Hozir Ostonadagi Lev Gumilev nomidagi Evrosiyo milliy universitetida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo’nalishi bo’yicha tahsil olayapman. O’zbek hamda qozoq xalqlarining ahilligi, ma’naviy birligi ko’p asrlik do’stligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu so’zlarni aytayotganlarning yuz-ko’zlarida, tili va dilida bir-biriga intilishi, sog’inch hissi ufurib turganiga guvoh bo’ldik.

Navoiy va Abay — ijodlari mushtarak daholar

O’zbek hamda qozoq xalqlari tarixida buyuk mutafakkirlar, atoqli fan va san’at arboblari, olimlar, yozuvchi hamda shoirlarni samimiy do’stlik rishtalari bog’lab turgan.
Yaqin kunlarda Lev Gumilev nomidagi Evrosiyo milliy universitetida Alisher Navoiy nomidagi o’zbek adabiyoti va madaniyati markazi ochiladi. Mazkur markaz universitetning “Qozog’iston Respublikasi Birinchi Prezidenti”, “YUNESKO kafedrasi”, “Qozog’iston xalqi Assambleyasi” kabi maxsus auditoriyalari bilan bir qatorda joylashadi. Chimkent shahrida esa Alisher Navoiy bog’i barpo etiladi.
Qozoq shoiri hamda mutafakkiri Abay Qo’nonboev ijodiy merosini keng o’rganish bo’yicha O’zbekistonda ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

— Prezident Shavkat Mirziyoev “Qozog’istonda O’zbekiston yili” ochilishiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi nutqida qozoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkiri, gumanisti Abay Qo’nonboev ijodiy merosini ushbu yurtda keng o’rganish hamda targ’ib etish to’g’risida qaror imzolanganini aytganida, — deydi Ostona shahridagi 78-maktab-gimnaziyasi direktorining ilmiy-uslubiy ishlar bo’yicha o’rinbosari Zamira Atantaeva faxr bilan, — “Astana-opera” teatrida jam bo’lgan barcha qatnashchilar o’rinlaridan turib, bunday ajoyib yangilikni zo’r hayajonu olqishlar bilan qabul qilishdi. Haqiqatan ham, bu ulug’ zotning o’git va nasihatlari bugun o’z dolzarbligi hamda ahamiyatini yo’qotgani yo’q.

O’zbekistonlik o’quvchilar o’rtasida “Abay asarlarining bilimdoni” insholar ko’rik-tanlovining o’tkazilishi, ta’lim muassasalarida taniqli shoir hamda yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar uyushtirilishi buyuk Abayga ehtirom ifodasidir.

— O’zbekistonda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo’nonboev ijodiy merosini keng o’rganish hamda targ’ib etish to’g’risida qabul qilingan qaror haqida eshitib, biz, qozog’istonlik maorifchilar chin dildan xursand bo’ldik, — deydi “Nurorda” maktab-litseyi qozoq tili va adabiyoti fani o’qituvchisi Zamira Bimbetova. — Buyuk bobomiz ma’rifatparvar shoir hamda mutafakkir, ezgulik va do’stlik kuychisi ekanligini butun dunyo xalqlari bilsa arziydi. Tarixdan ma’lumki, qozoq bilan o’zbek aka-ukadek bir-biriga nihoyatda mehribon bo’lgan. Ota-bobolarimiz tashqi dushmanlardan eli hamda yerini birga himoya qilgan, samimiyat bilan quchoq ochib, qavmu qarindosh, quda-anda bo’lgan. Shu boisdan ham biz endilikda tarbiyaviy soatlarning ayrim mavzularini qo’shni O’zbekistonga, qardoshu qondosh o’zbek xalqining tarixi, urf-odati, milliy an’analari, adabiyoti va madaniyatini o’rganishga bag’ishlaymiz.

— Toshkentning markaziy ko’chalaridan biri Abay nomida ekanligi, Qozog’istonning O’zbekistondagi elchixonasi binosi oldida buyuk shoirning muhtasham haykali qad rostlab turganini yaxshi bilamiz, — deydi chimkentlik shifokor, oqin Abdusadiq -Tuleev. — O’zbekiston rahbarining qarorida Abay Qo’nonboev singari ulug’ allomalarning o’lmas merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ma’no hamda ahamiyat kasb etadi, degan so’zlarni o’qib, dillarimiz yayradi.

Abay Qo’nonboev Sharqning buyuk mutafakkiri, o’zbek shoiri Alisher Navoiy kabi bebaho meros qoldirgan. Uning o’zbek xalqiga mehru muhabbati yuksak bo’lgan. “Ibratli so’zlar” kitobining “Ikkinchi so’zi”da Abay: “O’zbek dehqoni etishtirmagan o’simlikning o’zi yo’q, ular yasamagan buyum yo’q. Ahillikda yashashadi, adovat qo’zg’amaydi. Taniqli boylari, bilimdon mullalari, hunarmandlik va mo’l-ko’llik deysizmi, boadablik deysizmi — hammasi ularda bor”, deya o’zbek xalqiga yuksak baho bergan.

Abay Hazrat Alisher Navoiyni o’ziga ustoz deb bilgan, iste’dodiga ta’zim qilgan. O’zbek hamda qozoq adabiyotlarining buyuk namoyandalari Alisher Navoiy va Abay turli zamonlarda yashagan bo’lsalar ham, avvalambor, o’z xalqining buyuk kelajagini o’ylab, adolatga intilib, ezgu maqsadlar yo’lida ijod qilganlar. Alisher Navoiyning “Yigitlikda yig’ ilmning maxzani, Qarilik chog’i xarj qilg’il ani”, degan hikmatiga Abayning:

Qiziqma har narsaga,
Hunarli bo’lsang, tur, otlan.
Sen ham — bir g’isht, dunyoga
Kemtigin top va bor, qalan!

— degan satrlari hamohangdir.

Do’stlik chegara bilmaydi

Qardosh respublika xalqlari birligining noyob modelini shakllantirishda Qozog’iston xalqi Assambleyasi muhim o’rin tutadi. Uning bosh vazifasi millatlar bo’yicha davlat siyosatini amalga oshirish, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni -ta’minlash, davlat hamda fuqarolik jamiyati institutlarining etnoslararo munosabatlar sohasidagi o’zaro hamkorligining samaradorligini oshirishdir. “Do’stlik” Qozog’iston o’zbeklari etnomadaniyat jamoat birlashmalari Assotsiatsiyasi ana shunday noyob tuzilmaning ajralmas qismidir.

— Bugungi kunda Qozog’istonda millatlar madaniyatlari, tillari, urf-odatlarining rivoji uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, — deydi “Do’stlik” Qozog’iston o’zbeklari etnomadaniyat jamoat birlashmalari Assotsiatsiyasi raisi o’rinbosari Hasan Sharipov. — Etnomadaniy birlashmalar soni doimiy ravishda o’smoqda. Bilim berish o’zbek, tojik, uyg’ur hamda ukrain tillarida olib boriladigan maktablar bor. Qozoq va rus teatrlaridan tashqari yana to’rtta milliy — o’zbek, uyg’ur, koreys hamda nemis teatrlari faoliyat yuritadi. Har yili umumxalq bayramlari — Navro’z, 1 may — Qozog’iston xalqi birdamligi bayrami, maslenitsa, sabantoyni o’tkazish an’anaga aylangan.

Qozog’iston va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar yil sayin mustahkamlanib bormoqda. So’nggi paytda ikki qardosh mamlakat rahbarlarining tez-tez uchrashib turishlari bizni behad xursand qiladi, ayniqsa, davlat rahbarlarining turli darajadagi muloqotlari mamlakatlar o’rtasidagi ko’prikni, sheriklik aloqalarini -mustahkamlashga xizmat qiladi. Bejiz o’zbeklar “Qozog’im — qardoshim”, qozoqlar esa “O’zbegim — o’z og’am”, deyishmagan, bu bizning ildizlarimiz teran ekanligining isbotidir.

— Qozog’iston hamda O’zbekiston rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan so’nggi 15 — 20 yillar davomidagi ikki el orasida mavjud bo’lgan muammolar, og’riqli nuqtalarga tamoman barham berildi, — deydi Ostona shahri o’zbek etnomadaniyat markazi oqsoqollar kengashi raisi o’rinbosari, “TarazKojObuv” MChSh (mas’uliyati cheklangan sherikligi) bosh direktori o’rinbosari Shomuxtor Shoyunusov. — Xalqlarimiz o’rtasida turli sohalarda hamkorlik aloqalari hamda o’zaro mehmondorchilikka borib-kelishlari uchun barcha yo’llar ochildi. Ana shunday ijobiy siljishlar natijasida o’tgan yili dastlab O’zbekistonning Jizzax viloyatidan bir guruh faollar bizning Jambul viloyatiga tashrif buyurishgan bo’lsa, oradan bir oz vaqt o’tib, biz, tarazlik faollar ham O’zbekistonda bo’ldik. Bu ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash borasidagi ezgu qadamlar edi. Mazkur uchrashuvlar davomida ishlab chiqaruvchilar uchun ko’rgazmalar, -anjumanlar tashkil etildi. Oldimizda bizni katta tadbirlar kutmoqda. Ana shu ezgu ishlarni amalga oshirishda har ikkala xalq faollariga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Nurlan USMONOV,
maxsus muxbirimiz.

Toshkent — Ostona — Toshkent
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?