Qo‘ziqorin saratonni davolashi mumkin

16:29 25 Iyul 2018 Lifestyle
372 0
Illyustrativ foto

Uzoq Sharqda o‘suvchi qo‘ziqorinlar tarkibidagi kimyoviy birikmalar yordamida saratonning bir necha turini davolash mumkin ekan. Sarkoma, leykemiya, to‘g‘ri va yo‘g‘on ichak, oshqozon, jigar saratoni, yo‘g‘on ichak karsinomasi shular jumlasidandir. Mazkur yo‘nalishdagi izlanishlar natijalari Oncotarget ilmiy jurnalida berildi.

Olimlar Osiyo va Uzoq Sharq xalq tabobatida qo‘ziqorinlarning keng qo‘llaniladigan to‘rtta turi - Fomitopsis pinicola, Hericium erinaceus, Inonotus obliquus va Trametes versicolor navlarini tadqiq etishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, mazkur zamburug‘lar kuchli antikanserogen(rak kasalini yuzaga keltiruvchi modda yoki sharoitga qarshi) xususiyatlarga egadir. Tarkibidagi tabiiy kimyoviy birikmalar esa organizmning sog‘lom hujayralari uchun xavfsiz bo‘lgan dorilar tayyorlash mumkin. Mazkur qo‘ziqorinlar zararli o‘sma to‘qimalariga samarali ta’sir etishga qodir. Polifenollar, polisaxaridlar, glyukanlar, terpenoidlar, steroidlar, serebrozidlar va oqsillar kabi turfa xil biofaol kimyoviy birikmalari hisobiga esa shifobaxshlik effektiga erishiladi. Moddalar nafaqat o‘simta hujayralariga o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatadi, balki kimyoviy terapiya bilan davolanish samarasini bir necha barobar kuchaytiradi.

Olimlarning ishonchi komilki, tarkibida saratonni yengishga qodir kimyoviy birikmalar mavjud yana ko‘plab qo‘ziqorin turlari mavjud.

“Bugun fungoterapiya(qo‘ziqorinlar bilan davolash) ilmiy tadqiqotlar uchun istiqbolli maydon taqdim etmoqda, - deydi Rossiyaning Uzoq Sharq federal universiteti jamoasi rahbari Vladimir Katanayev. – Qo‘ziqorinlar tarkibidagi tabiiy kimyoviy birikmalar, shu jumladan, saraton kasalliklarini davolash uchun ulkan, hali oxirigacha o‘rganilmagan terapevtik salohiyatga ega”.

Uning aytishicha, qo‘ziqorin ekstraktidan olingan tabiiy dorivor birikmalarning birinchi avlodi saratonning turiga e’tibor bermay qo‘llanilgan. Bunday davolash natijasida organizmning nafaqat o‘simtali, balki sog‘lom hujayralari ham zararlangan. Ayni chog‘da terapiya bemorning zaharlanishidan tortib o‘limigacha bo‘lgan ko‘plab salbiy oqibatlarga ham olib kelgan. Bu boradagi zamonaviy yondashuvlar esa saraton hujayralarini minimal asoratlar yoki to‘liq zararsiz effekt bilan maqsadli davolashga asoslangan.

Bu yo‘lda qo‘ziqorinlardagi kimyoviy birikmalarning nafaqat shifobaxshlik xususiyatlari, balki mazkur moddalarning saratonning alohida hujayralariga ta’sir qilish mexanizmlari o‘rganilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?