Qoʻshrabot tumanini “Qizil” hududdan chiqarish uchun qanday choralar belgilangan?

15:11 06 Oktyabr 2020 Jamiyat
241 0

6-oktyabr kuni xalq deputatlari Qoʻshrabot tumani Kengashining navbatdagi, oʻn birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiya kun tartibiga “Qoʻshrabot tumanini 2020-2021-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish orqali “qizil” hududdan chiqarish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi masala deputatlar va jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Sessiya ishida tuman hokimi H. Oqboʻtayevning hisoboti tinglandi.

Qayd etilganidek, joriy yilning 24-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi. Xususan, tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlari natijasiga koʻra respublikamizda 33 ta “qoniqarsiz”, 119 ta “oʻrta” va 48 ta “yaxshi” tumanlarga ajratildi.

Qoʻshrabot tumani ham ana shu 33 ta “qoniqarsiz” hududda turibdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining joriy yil 29-sentyabrdagi 02-2765-sonli topshirigʻiga asosan, endilikda hududni “qoniqarsiz” toifadan chiqarish boʻyicha aniq topshiriqlar berilgan.

Shundan kelib chiqib, har bir sektor rahbari oʻz hududi boʻyicha reyting koʻrsatkichlarida belgilangan reja-prognozni yil yakuniga qadar bajarish choralarini koʻrishi, shuningdek, 2021-yil 1 yarim yillik yakuniga qadar istiqbolli reja prognozlarni bajarilishi bilan lavozimda qolish-qolmaslik masalasi hal etilishi belgilangan.

Tumanni qoniqarsiz hudud deb belgilanishiga tumanda sanoat ishlab chiqarish hajmining ulushi boʻyicha viloyatda eng kam yuqori ballga nisbatan olganda 0,08 % ni tashkil etadi. Albatta, bu koʻrsatkich qoniqarsiz hisoblanadi.

Baholash yoʻnalishlari boʻyicha tahlil qiladigan boʻlsak iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 85 ta sanoat korxonasi tomonidan 2019-yilda 40 milliard 579 million soʻm boʻlib, aholi jon boshiga 313 ming soʻmga toʻgʻri kelgan.

Sanoat ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, tadbirkorlikni ikki karra koʻpaytirish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar natijasi oʻlaroq tumanda bugungi kunda 107 ta sanoat korxonasi tashkil etilib, oʻtgan yilga nisbatan 22 ta yangi sanoat korxonasi tashkil etildi yoki 1,26% ga oʻsishga erishildi. Mazkur 107 ta sanoat korxonalari tomonidan yil yakuniga qadar 41,3 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun har bir sanoat korxonasiga iqtisodiy kompleks tashkilotlari xodimlari masʼul etib biriktirilib, yil yakuniga kadar 7.1 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish prognoz rejasi bajarilishi lozim.

Shuningdek, 2020-2021-yillarda tumanda qiymati 105,4 milliard soʻmlik 29 ta yangi sanoat korxonalari tashkil etish rejalashtirilgan. Umuman, koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bu yil yakuni bilan oʻtgan yilga nisbatan 102 foizni tashkil qilib, 41,3 milliard soʻmga yetkaziladi.

Tumanda bundan uch yil oldin faoliyat koʻrsatayotgan sanoat korxonalari soni 34 tani tashkil qilgan boʻlsa, hozirda 107 tani tashkil etib, ushbu davrda 73 taga koʻpaygan. Tumanda xizmat koʻrsatish sohasi 2019-yil yakuni boʻyicha 218,7 milliard soʻmlik xizmatlar koʻrsatilib, aholi jon boshiga 1 million 687 ming soʻmni tashkil etgan boʻlib, viloyat tumanlari ichida 5-oʻrinni egallagan. Lekin tumanda 42 ta MFYda xizmat koʻrsatish sohasini tahlil qilsak, foydalanilmagan yoʻnalishlar hali koʻp ekanligi maʼlum boʻlmoqda.

Masalan, 2020-yilning “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinishi aloqa va axborotlashtirish sohasida xizmat koʻrsatishni rivojlantirishni taqozo etadi. Afsuski, internet xizmati har 10 ming kishiga bitta meʼyor boʻyicha jami tumandagi 130 ming aholiga nisbatan 13 ta talab etilsa, haqiqatda internet xizmat koʻrsatishi bitta mavjud, yaʼni meʼyorga nisbatan 12 taga kam.

Bunday misollar sugʻurta xizmatida meʼyorga nisbatan 24 taga, bank xizmati 9 taga, mehmonxona xizmati 12 taga va boshqa yoʻnalishlarda ham meʼyorga nisbatan xizmatlar sohasining kamligini kuzatish mumkin.

Aholiga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha aholi bandligini taʼminlash maqsadida, joriy yil hududiy dasturlar doirasida xizmat koʻrsatish yoʻnalishida umumiy qiymati 79 milliard soʻmlik qoʻshimcha 43 ta loyihalar amalga oshirilishi belgilangan. Bu loyihalar negizida 479 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Tumanda 2019-yil yakuni boʻyicha chakana tovar aylanmasi xajmi 444,6 milliard soʻmni tashkil etib, aholi jon boshiga nisbatan 3 million 429 ming soʻmdan toʻgʻri kelgan. Viloyat tumanlari ichida ulushi 0,49 %ni tashkil etib, 5 oʻrinda turibdi.

Hududda chakana savdo tovar aylanmasi sohasida faoliyat koʻrsatmayotgan 21 ta korxonalar faoliyatini tiklash ishlari amalga oshirilishi lozim. Shuningdek, tuman davlat Soliq inspeksiyasi hududiy inspektorlariga oʻz hududlaridagi faoliyat yuritib kelayotgan chakana savdo korxonalaridagi kunlik savdo tushumi boʻyicha haqiqiy holatni oʻrganib chiqib, kunlik savdo tushumining bank orqali aylanishini nazoratga olish. Chakana savdo hajmini III chorak yakuni bilan 215,4 milliard soʻmga, yil yakuni bilan 287,2 milliard soʻmga yetkazish chora-tadbirlarini koʻrishi kerak.

Tumanda 2019-yilda markazlashmagan investitsiyalar hajmi boʻyicha 489,9 milliard soʻmlik investitsiyalar oʻzlashtirilgan boʻlib, aholi jon boshiga nisbatan 3 million 777 ming soʻmni tashkil etadi. Bu esa viloyat reyting koʻrsatkichda ikkinchi oʻrinni egallamoqda.

2020-2021-yillarga moʻljallangan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga muvofiq, umumiy qiymati 367,2 milliard soʻmlik 115 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 947 ta ish oʻrinlari yaratish boʻyicha dasturlar ishlab chiqilgan boʻlib, bu boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Bugungi kungacha ushbu loyihalardan 48 tasi ishga tushirildi va 300 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi, qolgan loyihalarni yil yakuniga qadar belgilangan muddatlarda ishga tushirilishini taʼminlash zarur.

Baholash reyting jadvalida tuman 2019-yilda eksport hajmi 1,6 million AQSH dollarni, aholi joy boshiga 12 AQSH dollarni (viloyatda 15-oʻrin) tashkil etganligi koʻrsatilgan. Haqiqatdan ham bu soha tumanda toʻlaqonli rivojlangan deb boʻlmaydi. Lekin shunday boʻlsa-da, joriy yilda 
3 million 466 ming AQSH dollari eksport amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu esa, kelgusida eksport hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha zamin yaratishga imkoniyat paydo boʻladi. Jumladan, eksportyor korxonalar soni oʻtgan yilga nisbatan 5 taga koʻpaytirilib, hozirda 13 taga yetkazildi. Oʻtgan uch yil davomida tumanda birgina ekilgan tok koʻchatlari 5 ming gektardan oshdi. Bu esa, 2-3 yilda tuman eksportiga oʻzining ijobiy natijasini beradi.

Bandlik masalasi boʻyicha toʻxtaladigan boʻlsak, bugungi kunda tumanda 131,1 ming nafar aholi istiqomat qilib kelmoqda, shundan 69,9 ming nafar mehnatga layoqatli aholi, 53,3 ming nafar iqtisodiy faol aholi, 5,2 ming nafarini ishsizlar tashkil etib, joriy yilning 1-oktyabr holatiga ishsizlik darajasi 9,6 %ni tashkil etgan. Iqtisodiy faol aholining 49 ming nafari doimiy ish bilan band boʻlib, bandlik darajasi 90,5 foizni tashkil etadi.

2020-yilning oʻtgan 9 oyi davomida aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha tarmoq, korxona va tashkilotlardan barcha manbalar hisobiga 2481 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan boʻlib, ushbu yaratilgan ish oʻrinlari oʻtgan yilning 9 oyiga mos ravishda (1216 ta) 204 foizga bajarildi.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi bandligini vaqtinchalik taʼminlash maqsadida jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yanvar-sentyabr oylarida 2277 nafar aholini jamoat ishlariga jalb qilindi va ularning ish haqi toʻlovi uchun 1,6 milliard soʻm toʻlab berildi.

Sektorlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida “temir daftar”ga kiritilgan 280 nafar kam taʼminlangan va ehtiyojmand, kambagʻal oilalarning bandligini taʼminlash uchun shaxsiy va dala tomorqasida yengil tipdagi issiqxona qurilishi uchun 611,2 million soʻm subsidiya mablagʻlari berildi.

Tumanda kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha 63 gektar yer maydonida tashkil etilgan 5 ta qishloq xoʻjaligi kooperativlariga ishsiz, mehnat migratsiyasidan qaytgan 164 nafar fuqarolar jalb etildi.

Umuman aholi bandligini taʼminlashdagi ishlar tumanda qoniqarsiz ahvolda deyish mumkin. Aholi bandligini taʼminlash uchun Qoʻshrabot tumanida katta imkoniyatlar boʻlsa-da, bu ishlar oʻta qoniqarsiz ahvolda. Fuqarolar tomonidan yerdan noqonuniy tarzda foydalanish holatlarini koʻplab kuzatish mumkin. Tumandagi 5.2 ming nafar fuqaroning bandligini taʼminlash tumanda eng asosiy, birinchi galdagi vazifa hisoblanadi. Hisob-kitoblarga koʻra yil yakuniga qadar 1680 nafar fuqaroning bandligini taʼminlash boʻyicha imkoniyat mavjud.

Tumanda xotin-qizlar soni 64400 nafarni tashkil etadi. Shundan 9812 nafari 18-30 yoshgacha boʻlgan xotin-qizlardir, 20482 nafari iqtisodiy faol ayollar boʻlib, shundan 17859 nafari bandligi taʼminlangan. Qolgan 2623 nafari ishsiz xotin-qizlarni tashkil etadi. Yil oxirigacha 968 nafar xotin-qizning bandligini taʼminlashning imkoniyati mavjud.

Reyting baholash koʻrsatkichida Qoʻshrabot tumanidagi 54 ming iqtisodiy faol aholining 13 mingtasi vaqtincha ishlash uchun xorijga ketganligi koʻrsatilgan. Aslida, tuman boʻyicha yillar davomida jami 4919 nafar fuqaro chetga chiqqan boʻlsa, shundan 3774 nafari qaytib kelgan. Hozirda 1145 nafar fuqaro chet davlatda boʻlib turibdi (iqtisodiy faol aholi soniga nisbatan 2 %). Shundan, 1031 nafari erkaklar, 114 nafari ayollar, shundan 27 nafarini 18 yoshgacha boʻlganlarni tashkil etadi.

Tumanda sanoat ishlab chiqarishning eksportga yoʻnaltirilganligi reytingi boʻyicha 2019-yilda 319 million soʻmlik mahsulot eksportga yoʻnaltirilgan boʻlib, viloyatda eng past koʻrsatkichni tashkil etgan. Bu koʻrsatkichga, avvalo, tumanda sanoatning rivojlanmaganligi va geografik uzoq va noqulay joylashganligi oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatadi. Masalan, sanoatning asosiy mahsuloti marmar va granit toshlari hisoblanib, texnika xarajatlari mahsulot tannarxiga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.

Bu holatda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish bilan vaziyatdan chiqish mumkinligini hisobga olib, bu sohada faoliyat yuritayotgan 4 ta tadbirkorga bank kreditlari hisobiga zamonaviy tosh kesish va pardozlash uskunalari keltirildi. Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida tashkil etilgan 9 ta qoʻshma va xorijiy korxonalar xam kelgusida sanoat eksportini amalga oshirishi belgilangan. Jumladan, Hindiston davlat xorijiy korxonasi granit toshlari qazib olish va pardozlash loyihasi, Turkiya davlati xorijiy korxonasi kvars toshlari qazib olish va qayta ishlash kabi loyihalari hali ishchi jarayonida boʻlib, texnika-texnologiyalarni olib kelish ishlari olib borilmoqda. Shu kabi loyihalar ishga tushishi hisobiga 2021-yilda sanoat ishlab chiqarish va eksport qilishda ijobiy tomonga oʻzgaradi.

Tumanda 2019-yil qishloq xoʻjaligi yerlarining umumiy maydoni (oʻrmon xoʻjaligi yerlaridan tashqari) 37,1 ming gektar, 2019-yilda belgilangan 15 gektarda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan taʼminlanganligi reyting jadvalida koʻrsatilgan. Xaqiqatda tuman hududida sabzavot mahsulotlari yetishtirish boʻyicha 22 gektar yer maydonlarida, 267 gektar intensiv bogʻlarda, 760 gektar tokzorlarda sugʻorishda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.

Tumanda uzumchilik va bogʻdorchilik sohasini rivojlantirish boʻyicha 2020-yilda 92 ta fermer xoʻjaligiga 746 gektar maydonga 49 dona artezian quduqlarini oʻrnatish va tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilish rejalashtirilgan. Joriy yilning yakuni boʻyicha sugʻorish texnologiyasini joriy etish orqali samaradorlikni oshirish imkoniyatlari mavjuddir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-maydagi «Respublikada kartoshkachilikni rivojlantirish va urugʻlikni koʻpaytirish toʻgʻrisida»gi qarori asosida tumanda kartoshkachilik klasteri tashkil etildi. Hozirda AT «Agrobank» tuman filiali tomonidan 980 million soʻm kredit ajratildi, natijada 22 gektar yer maydonida «super elita» navli kartoshka tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida ekib parvarishlanmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplab berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra tomchilatib sugʻorish tizimlari uchun – 8 million soʻm, yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari uchun – 4 million soʻm, diskret sugʻorish uchun - 1 million soʻm. subsidiya ajratilgan.

2019-yil 1-yanvar holatiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya ishtirokidagi bironta ham korxona mavjud boʻlmagan boʻlsa, 2019-yil yakunida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 7 tani tashkil etib, ular tomonidan 800 ming AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritildi.

Bu koʻrsatkich joriy yilning oʻtgan davrida 1,411 ming AQSH dollarini, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 910 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Bundan tashqari, hozirda dastlabki shaklda 2021-yil uchun umumiy qiymati 1 million 500 ming AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilish boʻyicha 3 ta loyiha shakllantirildi.

Tumanda roʻyxatdan oʻtgan 525 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmayotgan va “nol” hisobot topshirgan tadbirkorlik subyektlari soni 238 tani, ulushi (fermer va dehqon xoʻjaliklaridan tashqari) 45 foizni (viloyatda 14-oʻrin) tashkil etgan. Yil yakuniga qadar ushbu korxonalarning faoliyatini monitoring qilib, xufiyona iqtisodiyot ulushini kamaytirish, statistika hisobotlarni kameral nazorat tadbirlari (soliq, elektr, gaz korxonalaridan olingan maʼlumotlar tahlil qilish) orqali real ishlab chiqarish hajmlarini aniqlash chora-tadbirlari koʻrilishi zarur.

Yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlarining soni 168 ta, faoliyati tugatilgan tadbirkorlik subyektlarining soni 15 tani, yangi tashkil etilgan va tugatilgan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi farqning jami subyektlar sonidagi ulushi 29 foizni (viloyatda 5 oʻrin) tashkil etgan. Bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan 392 ta korxonalar hamda yangidan tashkil qilingan 120 ta korxonalarning yashovchanligini oshirish uchun korxonalar faoliyatida uchrayotgan muammolarni oʻrganib, tahlil etib, hal etish choralarini koʻrish lozim.

Hisobot davrida yaratilgan yangi ish oʻrinlari soni 2 ming nafarni, kichik biznes subyektlarida yaratilgan yangi ish oʻrinlari soni 1,8 ming kishini, ulushi 91 foizni (viloyatda 6 oʻrin) tashkil etgan. Yil yakuniga qadar kichik biznesda yangi ish oʻrinlari yaratish – yaratilgan ish oʻrinlarining umumiy sonida kichik biznes subyektlarida yaratilgan yangi ish oʻrinlari ulushini 30 foizga oshirish zarur.

Tumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali Qoʻshrabot tuman hokimligiga kelib tushgan jami murojaatlar hisobot davrida 461 ta boʻlib, shundan 136 tasi (30%) bevosita murojaatlarni koʻrib chiqish davrida ijobiy hal etilgan. 14 ta (3%) murojaatlar fuqarolarning talabini qanoatlantirishning imkoni yoʻqligi sababli rad etilgan. 1 ta murojaatlar tabriklar boʻlganligi sababli maʼlumot uchun qabul qilingan. 1 ta murojaat koʻrmasdan qoldirilgan, 1 ta murojaat tugatilgan.

Sessiya yakunida tashkil etilgan matbuot anjumanida tuman hokimi va sektor rahbarlari tumanni “qoniqarsiz” hududdan olib chiqish boʻyicha OAV vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga ham atroflicha javob qaytarishdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(
“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?