Qoʻshnilar “gugl uchun soliq” kiritmoqchi

16:46 25 Iyul 2019 Iqtisodiyot
499 0

Qozogʻistonda “gugl uchun soliq” kiritishni istayapti. Bu haqda mamlakat iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari Madi Takiyev Forbes.kz manbasiga bergan intervyusida aytib oʻtdi.

“Butun dunyo shunga oʻtgan va biz qolib ketmasligimiz kerak. Biz elektron shaklda koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun, xaridorlarga xizmat koʻrsatuvchi xorij tashkilotlari uchun QQS joriy etmoqchimiz”, - dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, gap Google, Alibaba kabilar haqida ketmoqda. Ular oʻzlarini intizomli soliq toʻlovchilar sifatida koʻrsatishadi. Biroq Qozogʻiston rasmiylarida ularni soliq toʻlashga majbur etadigan dastaklar mavjud emas.

“Ammo biz ular hisobda turib, soliq toʻlashlari uchun maydon yaratamiz. Belarus va Rossiya xuddi shunday qilgan, ularni oʻzlarida roʻyxatdan oʻtkazishgan. Mana Rossiya oʻtgan yilda ushbu soliqdan 12 mlrd. rubl oldi”, - deydi Takiyev.

U ayni paytda vazirlik tomonidan kompaniyalar uchun bu boradagi shartlar ishlab chiqilayotganini bildirdi.

Rossiyada “gugl uchun soliq” 2017-yilda joriy etilgan boʻlib, u IT-kompaniyalarga rossiyalik foydalanuvchilarga sotilgan elektron tovarlar va xizmatlardan 18 foizlik toʻliq hajmda QQS toʻlash majburiyatini yuklaydi. Joriy yildan bu 20 foizga chiqdi.

Ushbu qonun internet huquqi orqali kompyuter dasturlari, jumladan, oʻyinlar va maʼlumotlar bazalaridan foydalanadigan, reklama va eʼlonlar joylashtirish, elektron resurslarni qoʻllab-quvvatlash, elektron kitoblar, musiqa, videolardan foydalanish boʻyicha xizmatlar koʻrsatib keladigan, domen va xosting taqdim etadigan kompaniyalarga tegishlidir.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda bunday soliq yoʻq.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?