Qoʻshma loyiha doirasida ayollarga bepul yuridik va psixologik yordam koʻrsatildi

15:15 18 Oktyabr 2019 Jamiyat
189 0

Yaqinda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va BMTTD qoʻshma loyihasi doirasida ayollarga malakali mutaxassislar tomonidan bepul yuridik hamda psixologik koʻmak koʻrsatildi. Mazkur loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad huquqiy va psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlarning uzogʻini yaqin qilish hamda ularning muammolarini joyida oʻrganishdan iboratdir, deb yozadi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Matbuot xizmati.

“Sayyor qabul” davomida jami 30 nafar xotin-qizning murojaat va shikoyatlari qabul qilindi. Shundan 25 tasi yozma hamda 5 tasi ogʻzaki murojaatdir.

Murojaatlarning asosiy qismi (40 foizi) Qarshi shahriga toʻgʻri keldi.

Murojaatlarning eng koʻp qismi ishsizlik masalasida boʻlib, bu borada fuqarolarga tegishli maslahat va koʻnikmalar berildi. Shuningdek, 7 nafar ishsiz fuqarolar borasida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ushbu fuqarolarni ish bilan taʼminlash masalasida amaliy yordam berish yuzasidan xat yuborildi.

Murojaatlar boʻyicha 8 nafar fuqaroga oilaviy masalalarda, yana 8 nafariga huquqiy masalada, 9 nafariga esa bandlik masalasida amaliy yordam koʻrsatildi. Bundan tashqari, ularga tegishli tushuntirish hamda huquqiy maslahatlar berildi.

Qabul davomida xotin-qizlar bilan ochiq muloqotlar va samimiy suhbatlar oʻtkazish asosida ularning dardu tashvishlarini tinglash, mavjud muammolarini oʻrganish, ehtiyojmand hamda eʼtiborga muhtoj xonadonlarga qonun doirasida amaliy koʻmak berish, shuningdek, ularni rozi qilish ustuvor vazifaga aylandi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va BMTTD qoʻshma loyihasi doirasidagi “sayyor qabul”larni joriy yil yakuniga qadar Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida, Xorazm viloyatining Urganch shahrida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida tashkil etish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?