Qoʻshilgan qiymat soligʻi notoʻgʻri hisobga olinganda…

16:07 20 Avgust 2019 Jamiyat
156 0

2019-yil 1-iyuldan boshlab, tovar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchilar QQS toʻlovchisi boʻlmagan yetkazib beruvchilarning hisobvaraq-fakturasida aks ettirilgan QQS summasini hisobga olishga haqli emaslar. Ushbu yangi tartibning amaldagi ijrosi xususida Davlat soliq qoʻmitasi Kameral nazorat boshqarmasi bosh inspektori Abdurasul Abdumadjidov bilan intervyu uyushtirildi.

DSQ matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan suhbat bilan quyida tanishishingiz mumkin:

– Abdurasul Abdulxakovich, joriy yilning birinchi iyulidan kuchga kirgan qoʻshilgan qiymat soligʻining ushbu normasi haqida toʻxtalib oʻtsangiz?

– Mazkur tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi qarorining 10-bandida keltirib oʻtilgan.

Xususan, “2019-yil 1-iyuldan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchilar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanmaydigan yetkazib beruvchilardan olingan hisob-fakturalar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olish huquqiga ega emaslar”.

Endilikda tadbirkorlar oʻz kontragentlarining QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtganligiga va hisobvaraq-fakturani toʻgʻri rasmiylashtirganiga ishonch hosil qilishi lozim.

Agarda ishonch hosil qilinmagan taqdirda ikkala tadbirkorlik subyektlari ham shubha va tahlika zonasiga tushib qoladilar.

– Ushbu holatni barchaga tushunarli boʻlishi uchun aniq misollar asosida tushuntirib bersangiz?

– Keling, unda fikrimni aniqroq bayon etish uchun quyidagi misolga eʼtibor qaratsak.

QQS toʻlovchisi boʻlmagan “A” korxona tomonidan QQS toʻlovchisi boʻlgan “B” korxonaga 100,0 mln. soʻmlik tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilish jarayonida hisobvaraq-fakturada asossiz ravishda 20,0 mln. soʻm QQS ekanligi koʻrsatilgan. Shunday qilib, “B” korxonaga yetkazib berilgan tovarning (ishlar, xizmatlar) umumiy qiymati 120,0 mln. soʻmni tashkil qilgan.

Soliq kodeksining 118-moddasiga asosan yuqorida keltirilgan harakatlarni amalga oshirganligi uchun “A” korxonaga nisbatan noqonuniy ajratilgan QQS summasining 20 foizi miqdorida moliyaviy jarima qoʻllaniladi. Shunda korxona byudjetga 4 mln. soʻm jarima va 20 mln. soʻm QQSni toʻlab berishi kerak.

Bunda “B” korxonaga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanilmaydi. Lekin joriy yil 1-iyuldan soliq qonnunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlarga muvofiq, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchi “B” korxona qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha byudjet bilan qayta hisob-kitobni amalga oshirishi shart. Yaʼni korxona qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olish huquqiga ega emasligi sababli, avval hisobga olgan 20,0 mln. soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini byudjetga toʻlab berishga majbur boʻladi.

– Kontragetning haqiqatdan QQS toʻlovchisi va ishonchli biznes-hamkor ekanligini qanday qilib tekshirib koʻrish mumkin?

– Biznes-hamkorni tanlashda ularning ayrim jihatlarini oldindan oʻrganish orqali “majburiy extiyotkorlik” choralarini koʻrish yuzasidan quyidagilar tavsiya etiladi.

Ozgina vaqt sarflab, biznes-hamkorni (kontragentni):

- davlat soliq xizmati organlarida QQS toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan yoki oʻtmaganligi;

- biznesda tutgan oʻrni;

- moliyaviy holati;

- ishlab chiqarish bazasi hamda malakali ishchilarining mavjudligi kabi jihatlarini oldindan bilib olish mumkin.

– Siz biznes-hamkorlarni tanlashda ularning ayrim jihatlarini oldindan oʻrganish mumkin boʻlgan uslublarini aytib oʻtdingiz. Aytingchi, kontragentni tekshirib koʻrish uchun maʼlumotlar olishda qanday ochiq manbalar mavjud?

– Kontragentlar haqidagi ochiq maʼlumotlarni Davlat soliq qoʻmitasining “my.soliq.uz” rasmiy veb-saytining “QQS toʻlovchilarni aniqlash” boʻlimiga kirish orqali olish mumkin.

Bunda tanlangan oynaga izlanayotgan korxonaga tegishli boʻlgan STIRni kiritgan holda “izlash” tugmasi bosilsa bas, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan korxona boʻyicha Sizni qiziqtirgan barcha ruxsat etilgan maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati mavjud.

Jumladan:

- QQS toʻlovchisi boʻlgan korxonaning nomi;

- roʻyxatdan oʻtgan viloyat va tuman nomi;

- soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana;

- QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning mavjudligi;

- Oxirgi topshirilgan QQS hisoboti (qayta hisoboti) sanasi;

- Oxirgi hisobot boʻyicha hisoblangan QQS summasi;

- QQS boʻyicha oxirgi marotaba amalga oshirilgan toʻlov.

Davlat soliq koʻmitasi tomonidan koʻrsatilayotgan ushbu xizmat, Sizning kontragentingiz QQS toʻlovchisi hisoblanishi yoki hisoblanmasligini aniqlash hamda huquqbuzarlikning sodir etilish xavfini oldini olishga xizmat qiladi.

Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, soliq toʻlovchi bitim tuzishdan avval mustaqil ravishda kontragentning biznesda tutgan oʻrni va u bilan tuzilgan har qanday shartnoma kelgusida soliq nizolarini keltirib chiqarmasligiga ishonch hosil qilishi kerak.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?