Qorongʻulikni qancha soʻkmaylik, u baribir oʻzgarmaydi — Musulmonlar idorasi Muhammad paygʻambar (s.a.v.)ning karikaturasi chop etilishi haqida

21:19 27 Oktyabr 2020 Jamiyat
2486 0

Ayni shu kunlarda ayrim bosma nashrlarda, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Paygʻambar alayhissalomga nisbatan nomunosib, haqoratomuz karikatura chop etilishi va uning ortidan kelib chiqqan turli koʻngilsiz holatlar ayrim bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar hamda notoʻgʻri xatti-harakatlarga sabab boʻlmoqda. Ushbu xabarlarga Musulmonlar idorasi munosabat bildirdi.

"Oʻz navbatida, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi moʻmin-musulmonlarning hissiyotini qoʻzgʻash, fitna chiqarish va diniy qadriyatlar, muqaddasotlarga nisbatan haqoratni ifodalovchi har qanday holatni jiddiy qoralashini hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shaʼnlari moʻmin-musulmonlar uchun eng oliy qadriyat ekanini qatʼiy taʼkidlaydi.

Shuningdek, bu kabi munosabatlar xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna hamda odamlarning diniy eʼtiqodi bilan bogʻliq his-tuygʻularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uygʻotish, deb baholaydi.

Taʼkidlash kerakki, kim boʻlishidan qatʼiy nazar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin yoki musulmonlar yo Islom diniga tosh otmasin bu bilan dinimizga yoki musulmonlarga zarracha ham ziyon yetkaza olmaydi.

Kezi kelganda aytib oʻtamizki, ushbu holatga nisbatan yurtdoshlarimiz turli munosabat bildirayotganlarini kuzatyapmiz. Bu holatdan ularning imon-eʼtiqodlari joʻsh urgani, oʻy-kechinmalari tinchlik bermayotgani va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga boʻlgan muhabbatlari tugʻyon qilayotganini guvohi boʻlmoqdamiz. Endi bir faraz qilib koʻraylik, mana shunday holatga Nabiy alayhissalom qanday yoʻl tutar edilar..? Albatta, siyrat va tafsir kitoblarida bunday holatlarning batafsil bayoni kelgan, aksariyatimiz ularni mutolaa qilganmiz.

Bu borada Paygʻambar alayhissalom butun ummatga ibratdirlar. Bir johil kishi “Menga oʻlja bermading”, deb yoqalaridan olib boʻgʻganida ham, bir ayol zaharli goʻsht berganida ham u zot ularni soʻkmaganlar yoki duoibad qilmaganlar, balki Allohdan ularga insof va hidoyat soʻraganlar. Islom dini hatto laʼnatlangan shaytonni ham soʻkishdan qaytargan, soʻkish oʻrniga uning yomonligidan panoh soʻrab, Allohga yolborishga buyurgan. Chunki uni soʻkish ojizlikdan, Allohdan panoh soʻrash esa imon mustahkamligidandir. Shunday ibratli soʻz bor: “Qorongʻulikni soʻkib oʻtirmay, shamni yoqaqolsangchi...”. Haqiqatan, qorongʻulikni qancha soʻkmaylik, u baribir oʻzgarmaydi, yorishib qolmaydi. Soʻkish oʻrniga uni yoritish yoʻlini axtarganimiz maʼqul va avlodir.

Moʻtabar tafsir kitoblarida, din dushmanlariga qoʻpol muomalada boʻlib, ularning “iloh”lari va peshvolarini soʻkishdan qaytarilgani bayon etilgan. Agar haqoratga biz ham haqorat bilan javob qaytarsak, bunday jirkanch ishning ikkinchi toʻlqiniga sabab boʻlish ehtimoli juda katta. Bu foydadan koʻra, koʻproq zarar keltiradi. Qurʼoni karimdagi quyidagi oyati karimani eslatib oʻtamiz: “Ularning Allohdan oʻzga ibodat qiladiganlarini soʻkmangiz. Bas, bilmasdan zulm ila Allohni soʻkib yurmasinlar. Shunday qilib, har bir ummatga amalini ziynatlab qoʻydik. Soʻngra esa, qaytib boradigan joylari Robbilarigadir. Bas, U, qilib yurgan ishlarining xabarini berur”, (Anʼom surasi, 108-oyat).

Eʼtibor berilsa, ushbu oyati karimada mushriklarning butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda. Zero, musulmon kishi mushrikning sanamini soʻksa, bundan gʻazablangan mushrikning ham bunga javoban Alloh taoloni haqorat qilishiga sababchi boʻlib qoladi. Demak, biz ham moʻmin-musulmonlar Muhammad alayhissalomni haqorat qilishga sabab boʻladigan har qanday ishdan hazar qilmogʻimiz kerak.

Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ushbu oyati karimaning “Shunday qilib, har bir ummatga amalini ziynatlab qoʻydik”, degan qismiga “Tafsiri Hilol” kitoblariga shunday izoh berganlar: – “Inson tabiati shunday. Qilayotgan amali oʻziga goʻzal va ziynatli koʻrinaveradi. Hatto butun insoniyat qabohat deb ittifoq qilgan ishni maqtashga soʻz topadi. Shuningdek, mushriklarga ham shirklari juda ham ziynatli boʻlib tuyuladi. Ana shu eʼtibordan, ularning butlari haqoratlangan chogʻda gʻazablanishlari mumkin. Musulmon odam odobli boʻlgani uchun ham bu ishni qilmasligi kerak. Allohga havola qilib qoʻyaversa, u yogʻini Allohning Oʻzi biladi”.

Aslida, bu kabi fitnalar musulmonlarni yomonotliq qilish yoki bir yurtda turli din vakillarining emin-erkinlikda, oʻz dinlariga bemalol amal qilib, tinch va osoyishtalikda, oʻzaro bagʻrikenglikda yashayotganini koʻra olmayotgan gʻarazli kuchlar tomonidan uyushtirilayotganini yoddan chiqarmaslik zarur.

Shu oʻrinda Islom dinini terror bilan yonma-yon qoʻyadigan ayrim kimsalarga Misr bosh imomi, al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Muhammad Toyyib hazratlarining quyidagi soʻzlarini keltiramiz: “Islomni terrorizm deb atash ushbu sof din haqida hech narsa bilmaslikni anglatadi. Yana bu ish oʻzgalar eʼtiqodiga hurmatsizlikni ifodalovchi mulohazasizlikdir. Adovat va zoʻravonlikka ochiq chaqiruv, oʻrta asrlar vahshiyligiga qaytish va ikki milliardga yaqin musulmonlarning tuygʻularini qoʻzgʻatuvchi fitnadir”.

Ushbu holatlar haqida keng fikr qilib, chuqur mushohada yuritishimiz kerak. Biz ham moʻmin-musulmonlarni hissiyot bilan emas, tafakkur ila ish tutishga chaqiramiz. Din dushmanlari fitnasiga zamin yaratib, vaziyat yana-da keskin tus olishiga sababchi boʻlib qolmaylik. Bu boʻlayotgan ishlar hammasi fitna, gʻanimlar tomonidan rejali amalga oshirilmoqda, bunday vaziyatda oʻylab ish tutish kerak. Hazrati Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni ardoqlash tajovuzkorona xatti-harakatlar bilan emas, balki aql ila boʻladi.

Yana bir muhim masalani aytmoqchimizki, gʻanimlar musulmonlarga boʻlgan fitnalarini aynan juma, hayit kunlari yoki Ramazon oyi yo ayni kunimizdagi kabi mavlid oyida amalga oshirishni zimdan reja qilganlari aniq. Shunday ekan, muborak mavlid oyining haqiqiy zavqi – siyratni tarannum etish, salavot aytish, mavlidi sharif oʻqish, Qurʼoni karim tilovat qilish va zikrulloh bilan ongu shuurlarimizni band qilaylik, ulugʻ oyning ilohiy fayzidan nasibador boʻlishga intilaylik. Sevikli Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga bagʻishlangan suhbatlar orqali Rasulimizni yaxshiroq tanishga oshiqaylik.

Xulosa, musulmon kishi hadislarda keltirilganidek, doimo hushyor, ziyrak boʻlishi, atrofda sodir boʻlayotgan har xil fitna va qaltis jarayonlarga teran nazar ila boqishi lozim. Taʼkidlaganimizdek, bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Paygʻambar alayhissalomga xos bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirishimiz kerak", deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?