“Qoraqargʻa” dovonidagi yoʻl rekonstruksiyasi tender muddatidan oy ilgari tugatildi

11:59 27 Avgust 2019 Jamiyat
407 0

Navoiy - Nurota yoʻnalishidagi “Qoraqargʻa” dovonidagi yoʻl rekonstruksiyasi tender muddatidan oy ilgari tugatildi.

Yoʻl ravon boʻlsa, manzilning olisligi ham sezilmaydi. Binobarin, yoʻllar har bir mamlakat iqtisodiyotining umumiy rivoji, aholi farovonligining koʻzgusi sifatida hudud investitsiyaviy jozibadorligining garovi hamdir.

Shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimizda viloyat va tumanlar markazlarini bogʻlovchi keng tarmoqli transport aloqalari hamda davlatlararo yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirishga iqtisodiyotimiz ravnaqining ustuvor jihatlaridan biri sifatida eʼtibor qaratilmoqda.

Chunonchi, mamlakatimiz rahbari Navoiy viloyatiga har bir tashrifida viloyatning   barcha toifadagi avtomobil va mintaqaviy tasnifdagi(ichki koʻcha) yoʻllarning yoʻl qoplamalari holatini zamon talabiga moslashtirish, ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yoʻl-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, ayniqsa, qishloq joylarida harakat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish vazifalariga alohida eʼtibor qaratadi.

- Viloyatimizda Mamlakatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriq asosida ikkita yoʻnalishdagi yoʻlda yirik rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi, - deydi viloyat Avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi boshligʻi Erkin Kamolov. – Ulardan biri viloyatimizni qoʻshni Buxoro viloyati bilan bogʻlovchi Respublika ahamiyatiga ega umumfoydalanishdagi 4R65 avtomobil yoʻli boʻlsa, ikkinchi yirik loyiha investitsiya dasturiga koʻra umumiy foydalanishdagi 4r57 “Qizilqum halqa” avtomobil yoʻlining 22-32 km oraligʻida amalga oshirildi. Tender shartlarida mazkur yoʻlni qayta qurib, 2020-yilda ishga tushirish belgilangan boʻlsada, davlatimiz rahbari tashrifi chogʻida bergan topshirigʻiga asosan, Nurota tuman aholisini uzogʻini yaqin qilish maqsadida mustaqillik bayrami ayyomida ishga tushirilmoqda.

- Shu dovon orqali salkam qirq yil yoʻlovchi tashiganman, - deydi mehnat faxriysi Abdulla Abdurahmonov. – Qishning qirovli, yogʻin-sochinli, tumanli kunlarida yurak hovuchlab oʻtardik. Bugun koʻzlarimga ishonmayman. Pastdan dovonning tepasiga qadar koʻrinib turibdi.

Dovon yoʻlining rekonstruksiyasi oʻtgan yilning iyun oyida boshlangan edi. Oʻtgan shu qisqa fursat ichida yoʻlning eni 9 metrdan 15 metrga qadar kengaytirilib, oʻtkir burilishlarni bartaraf etildi. Bir dona koʻprik qurilib, 14 nuqtada soy suvlarini oʻtkazish yoʻl osti quvurlari yotqazildi va dovonning eng baland nuqtasi 26,5 metrga pasaytirildi. Uch qatlamda, jami 27(12+9+6) santimetr asfalt yotqizildi.

- Rekonstruksiya ishlari 22 soatlik ish kuni rejimida tashkil etildi, - deydi korxonaning 3-ish british boʻlimi ish yurituvchisi Otabek Qutliyev. – Jami 600 ming tonnalik tuproq ishlari bajarildi.

Yoʻllar ravon va xavfsizligi iqtisodiyot rivoji, shahar va qishloqlarimizning yanada obodligi, aholining turmush darajasi yuksalishining garovidir.

Temur ESHBOYEV,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?