Qoraqalpogʻistonda tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar oʻz yechimini topdimi?

19:10 28 Avgust 2020 Iqtisodiyot
211 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18-avgustdagi “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6042-son Farmoni bilan Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tashkil etilgan edi.

Hududlarda sanoatni jadal rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni qamrab olgan “sanoat klasterlari”ni tashkil qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, korxonalarning muammolarini hal qilish va qoʻshimcha zaxiralarni safarbar etish maqsadida ayni vaqtda mazkur komissiya Raisi boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasida joriy yilning ikkinchi yarim yilligida 7,8 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan, 5 ta yirik loyihani foydalanishga topshirish moʻljallangan. Toʻqimachilik, kimyo tarmoqlaridagi mazkur loyihalar hisobidan 500 ta yangi ish oʻrni tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda.

Mazkur tashrif doirasida komissiya aʼzosi — Davlat bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari M.Saliyev ham bugun bir qator tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Taʼkidlash joizki, yuqorida qayd etilgan Farmon bilan Davlat bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari M. Saliyev zimmasiga — mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirishda bojxona tartib-taomillarini yana-da soddalashtirish, ushbu yoʻnalishga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklangan.

“Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida boʻlib oʻtgan uchrashuvda asosiy eʼtibor tadbirkorlik subyektlarining faoliyatida, xususan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilishida toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammo va masalalarga qaratildi.

Masalan, Moʻynoq tumanidagi naslli qora mollarni koʻpaytirish bilan shugʻullanuvchi “Muynaq AgroSnab” fermer xoʻjaligi qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi bilan naslli qora mol va qoʻylarni sotib olish uchun qiymati 250 ming AQSH dollariga teng boʻlgan shartnoma tuzgan.

Ammo, tadbirkor koronavirusga qarshi kuchaytirilgan tartib davrida joriy qilingan cheklovlar sababli shartnoma doirasida yetkaziladigan naslli qora mol va qoʻylarni saralab olishi uchun Qirgʻiziston Respublikasiga bora olmayapti.

Yiliga 146 million dona shpris va infuzion sistemalar ishlab chiqarish quvvatiga ega “Nukus Med Tex” qoʻshma korxonasi vakillari esa oʻzlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlarini olishda vaqtdan yutqazishmoqda.

Chunki, mazkur sertifikatlarni beruvchi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazining hanuzgacha Nukus filiali tashkil etilmagan. Korxona egalari esa qoʻshimcha vaqt va xarajatlar sarflab markazning Xorazm filialiga murojaat qilishmoqda.

Uchrashuvlarda tilga olingan shu kabi masalalarni tezkorlik bilan hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?