Qoraqalpogʻistonda 12.8 mln. soʻmlik, Toshkentda 15.1 mln soʻmlik tovar-moddiy boyliklarning bojxona nazoratidan yashirilgani fosh qilindi. Andijonda esa...

18:32 15 Avgust 2019 Jamiyat
114 0

Mamlakatimizga sifati kafolatlanmagan tovar moddiy boyliklarini yashirin yoʻllar bilan olib kirishga boʻlgan urinishlarga qarshi bojxonachilar tizimli ravishda kurash olib bormoqda.

Bu haqida Davlat bojxona qoʻmitasi Telegramdagi rasmiy axborot kanali orqali xabar berdi.

Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dout ota” chegara bojxona posti xodimlari qoʻshni mamlakatdan kirib kelgan xorijiy davlat fuqarosi B.X. boshqaruvidagi “KIA Sportage” avtoulovini belgilangan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan oʻtazishdi.

Natijada avtomashina yukxonasida deklaratsiyada koʻrsatilmagan va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilinmagan 12,8 million soʻmlik 32 quti biofaol qoʻshimchalar borligi aniqlandi.

Shuningdek, yana bir holatda Andijon viloyati bojxona boshqarmasi “Doʻstlik” chegara bojxona posti xodimlari fuqaro I.N.ning bojxona qoidabuzarligini oʻz vaqtida fosh etishdi.

Qoʻshni mamlakatdan kirib kelar ekan, ushbu shaxsning xatti-harakatlari bojxonachilar eʼtiborini tortdi va u belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi. Natijada uning yuklari orasida bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati 37,8 million soʻmlik

kiyim-kechaklar borligi aniqlandi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida ham yana bir qonunbuzarning qilmishiga oʻz vaqtida nuqta qoʻyildi.

Yaʼni xorijiy mamlakatdan poytaxtimizdagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan umumiy qiymati 20 500 AQSH dollariga teng boʻlgan karniz va pardalarning konteynerlardagi miqdori bilan hujjatlardagi mutanosibligi tekshirildi.

Tekshiruv jarayonida, konteynerlarda hujjatlarda koʻrsatilganidan ortiqcha boʻlgan 15,1 million soʻmlik jalyuzi va pardalar uchun moʻljallangan matolar borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?