Qoraqalpogʻiston chegara bojxona postlari faoliyatiga bir nazar...

15:39 28 Iyun 2019 Jamiyat
483 0

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar natijasida bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi ham taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Nukus shahridan boshlab, barcha tumanlar markazlari, shahar va qishloqlar, hatto chekka ovullargacha zamonaviy qiyofa kasb etmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmatni oʻtayotgan bojxona xodimlari ham tadbirkorlarning tayanchi sifatida, iqtisodiy taraqqiyotimizni yanada jadallashtirish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida fidokorona xizmat qilib kelishmoqda.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi tasarrufida 3 ta tashqi iqtisodiy faoliyat posti, 5 ta chegara bojxona posti faoliyat koʻrsatyapti.
Qoraqalpogʻistonning qoʻshni Qozogʻiston bilan chegarada joylashgan va tunu kun faoliyat koʻrsatuvchi “Dout-ota” chegara bojxona posti hamda “Qoraqalpogʻiston” temir yoʻl chegara bojxona postlarida xizmat qilayotgan bojxonachilar faoliyatiga toʻxtalib oʻtasak.
Maʼlumot uchun, “Dout-ota” chegara bojxona posti poytaxt Nukus shahridan 445 km uzoqlikda joylashgan. Qoʻshni davlatlar bilan savdo iqtisodiy munosabatlarning tobora rivojlanib borayotganligi natijasida mamlakatimizning shimoliy darvozasi hisoblanuvchi ushbu post orqali harakatlanayotgan fuqarolar hamda avtotransport vositalari soni ham ortib bormoqda. Masalan, 2016-yilda post orqali jami 656 267 nafar fuqaro harakatlangan boʻlsa, 2018-yilda bu koʻrsatkich 982 061 nafarni tashkil etdi. Bu esa mazkur post orqali 2016-yilga nisbatan 325 794 nafar ziyod (oʻsish 49,6 foiz) fuqarolar harakatlanganini koʻrsatmoqda.

Shuningdek, 2016-yilda post orqali jami 59 921 ta yuk va yengil transport vositalari harakatlangan boʻlsa, 2018-yilda bu koʻrsatkich 104 856 tani (oʻsish 74,9 foiz) tashkil etgan.

“Dout-ota” chegara bojxona postida “Rapiscan Eagle G60” rusumli muqim inspeksion koʻrik majmuasi oʻrnatilgan boʻlib, mazkur zamonaviy skaner qurilmasi yurtimiz sarhadlari orqali oʻtayotgan katta hajmdagi transport vositalarini bir necha soniya ichida toʻliq skanerdan oʻtkazish imkonini beradi. Bu, oʻz navbatida, bojxona koʻrigi samaradorligini yanada oshirib, koʻrik uchun ketadigan vaqtning sezilarli darajada qisqarishiga xizmat qilmoqda.

Taʼkidlash joizki, Qoraqalpogʻistonda sayyohlik ham yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Mehmonlar ayniqsa ushbu koʻhna zamin hududida joylashgan qadimiy obidalarni borib koʻrish, tuyalarda sayr qilish, oʻtovda tunash, Orol dengizi hamda Saviskiy muzeyiga tashrif buyurishni xush koʻrishadi. “Dout-ota” chegara bojxona postida xizmatni oʻtayotgan bojxonachilar esa mamlakatimizga tashrif buyurayotgan barcha sayyohlarni ochiq chehra va samimiy tabassum bilan kutib olib, ular bilan bemalol xorijiy tillarda suhbatlashishlari behad mamnuniyat bagʻishlaydi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasining “Qoraqalpogʻiston” temir yoʻl chegara bojxona posti xodimlari ham mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilib kelishmoqda.

Mazkur bojxona postida hafta davomida jami 28 ta yoʻlovchi poyezdi, shundan eksport yoʻnalishida “Nukus – Beyneu”, “Toshkent – Volgograd”, “Toshkent – Saratov” poyezdlari harakatlansa, import yoʻnalishida “Beyneu – Nukus”, “Volgograd – Toshkent”, “Saratov- Toshkent” poyezdlari harakatlanadi.

Tranzit yoʻnalishida esa “Xoʻjand – Moskva”, “Moskva – Xoʻjand”, “Dushanbe – Moskva”, “Moskva – Dushanbe”, “Koʻlob – Moskva”, “Moskva – Koʻlob” poyezdlari harakatlanadi.

Bojxonachilar hafta davomida ushbu yoʻnalishli poyezdlar orqali harakatlanayotgan 14 ming nafarga yaqin fuqarolarni belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazishadi. Bundan tashqari, hafta davomida oʻrtacha 25 ta temir yoʻl yuk sostavlari bojxona chegarasi orqali harakatlanadi.Ushbu yuk sostavlaridagi jami 1500 ta yuk vagoni postda oʻrnatilgan temir yoʻl sostavlari uchun moʻljallangan “Rapiscan Eagle R60” rusumli inspeksion koʻrik majmuasidan oʻtkazilib, bojxona nazorati ishlari amalga oshiriladi. 2019-yilning oʻtgan 5 oyi davomida bojxona posti orqali harakatlangan jami 260 387 nafar fuqarolar belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazildi.

Post xodimlari tomonidan shu davr mobaynida jami 347 ta qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, umumiy qiymati qariyb 650 million soʻmlik noqonuniy olib oʻtilayotgan va sifati kafolatlanmagan tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olib qolindi.

Prezidentimiz tomonidan bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Bu kabi amaliy chora-tadbirlarning uzviy davomi sifatida ayni paytda post xodimlari uchun Qoʻngʻirot tumanida 2 ta ikki qavatli 16 xonadondan iborat xizmat uylarini qurish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Nurbek SALOMOV, Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati boshligʻi.
Qoʻngʻirot – Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?