“Qora uy” qanday quriladi?

08:39 29 Sentyabr 2020 Jamiyat
618 0

Chimboy tumanida qora uy ustaxonasi, turistlar uchun oilaviy mehmonxona va uy muzeyi ochildi. Bu - uchta yoʻnalish yaʼni tadbirkorlik, hunarmandchilik va turizm sohalarini bir manzilda jamlashtirib, bitta tadbirkor tomonidan amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Qoraqalpogʻistonda Chimboy haqida gap ketganda 5 qalʼaning biri, deya taʼrif beriladi. Bu bejiz emas, albatta. Oʻziga xos tarixga ega Chimboyda qoraqalpoq xalqining milliy urf-odatlari,  hunarmandchilik va amaliy sanʼatini saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hududda oʻtov, yaʼni “qora uy” yasovchi usta hunarmandlar koʻp boʻlishgan. Azamat Turekeyev ana shunday usta hunarmandlarning uchinchi avlodi. U yurtimizda hunarmandchilik va hududlarga turistlarni jalb qilish, ularga qulay sharoitlar yaratish boʻyicha tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanish maqsadida ustaxona, mehmonxona va muzeyni bitta xonadonda ochish tashabbusi bilan chiqdi. A.Turekeyevning tashabbusi Turizmni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Hunarmandlar birlashmasi va tuman hokimligi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va ushbu faoliyatni yoʻlga qoʻyish uchun amaliy yordamlar koʻrsatildi.

— Milliy “qora uy”ning suratini koʻrib, yoki ichiga kirib koʻrganlar ham bu uyning tayyor holini taniy oladi, — deydi usta, tadbirkor Azamat Turekeyev. — Bizga zamondosh boʻlgan mahalliy aholiga ham va sayyohlarga ham “qora uy”ning yasalish jarayonlari juda qiziq. Shuning uchun ushbu ustaxonani tashkil qildik, jarayonlarni sayyohlar bevosita kuzatib borishlari uchun uy mehmonxonasini ham tashkil qildik. Xalqimiz tarixi, sanʼati va hunarmandchilik namunalari va eski roʻzgʻor buyumlari kabi 200 dan ortiq eksponatlar esa muzeyimizdan joy olgan.

Tadbirkor ushbu faoliyatlarini tashkil qilish uchun "Mikrokreditbank"ning Chimboy tumani boʻlimidan 30 mln. imtiyozli kredit olgan edi. Bugungacha 5 nafar yangi ish oʻrni yaratildi. Tadbirkor tashabbusi bilan boshlangan ushbu xayrli ish natijasida nafaqat yangi ish oʻrinlari yaratildi, balki milliy hunarmandchilik boʻyicha “Ustoz-shogird” anʼanalari davom ettirilmoqda.

Endilikda Chimboyga tashrif buyurgan sayyohlar ustaxonada qurilishini kuzatish, mehmonxonada dam olish va muzeyida tarixini bilishi mumkin. Koʻz oʻngimizda oddiy qoratol daraxti shoxlari hunarmand ustalar tomonidan ishlov berilib kerakli shakllarga keltiriladi. Keyinchalik ishlov berilgan shoxlarning belgilangan teshiklaridan maxsus ishlov berilib, ip shakliga keltirilgan mol terisi oʻtkaziladi. Shu tariqa “qora uy” qismlari shakllantirilib, oʻtov tiklana boradi. Albatta, buning uchun asosiy xomashyosi hisoblangan qoratol daraxti kamida 5 yil yashagan boʻlishi kerak va ishlov berishning ham oʻziga xos usullari bor.

“Qora uy”larni milliy naqshlar bilan bezatish ham ishning asosiy qismi hisoblanadi. Hozirgi kunda “qora uy”larga buyurtmalar tushayotgani uchun tadbirkor bu ishni ham yoʻlga qoʻydi. Ustaxonada tayyor boʻlgan “qora uy”larshu yerdagi hunarmand ayol-qizlar tomonidan milliy naqshlar bilan bezatilmoqda.

Gʻayratjon OTAJONOV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?