Qoʻqonga mehmonlar “oqib” kelmoqda

14:06 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
64 0

Ayni kunlarda Qoʻqon shahriga viloyatlarimizdagi mehmonlar bilan birgalikda butun dunyodan yuzlab xorijliklar “oqib” kelmoqda.

Koʻhna Hoʻqandi latif festival oldidan yanada tarovatli koʻrinish kasb etgan. Obod yoʻllar, bogʻlar, zamonaviy binolar, har bir koʻcha va mahallalar bayramona koʻrinish koʻrinish olgan.

Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik jarayonlari, qurilish va bunyodkorlik ishlari oʻz vaqtida samarali va sifatli tarzda yakuniga yetkazildi. Mamlakatimizning turli viloyatlari va xorijlik mehmonlar oʻzbekona udum va anʼanalarimizga mos tarzda kutib olinmoqda.

Qoʻqon shahriga Surxondaryo delegatsiyasi barcha mehmonlardan avval tashrif buyurdi. Tarkibbda 60 nafar mohir hunarmand, baxshi, madaniyat va sanʼat sohasi namoyandaci bor. Surxonliklar ayni chogʻda namoyish maydoniga vohaga xos chodiru oʻtovlar tikib, milliy kashtachilik, gilamdoʻzlik, toʻquvchilik hunarlari mahsuli va milliy lapar va qoʻshiqlar bilan barcha mehmonlar, sayyohlarni xushnud etmoqda.

– Bir necha yil avval Margʻilonga safarim davomida Qoʻqonda boʻlganman, – deydi boysunlik gilamdoʻz-hunarmand Malikaxon Podshoyeva. – Qoʻqon shahri tanib boʻlmas darajada goʻzal va betakror kentga aylanibdi. Qisqa muddatda shaharning oʻziga xos taraqqiy etishidan boshimiz osmonga yetdi. Biz allaqachon festivalga tayyorgarlik ishlarini yakuniga yetkazib boʻldik. Koʻrib turganingizdek, hozirda sayyohlar va mahalliy aholi uchun chiroyli dasturlar va koʻrgazmalar tashkillashtiryapmiz. Hamma bayram kayfiyatida. Bir soʻz bilan aytganda,Oʻrda maydonida xalqimizning qadriyat va anʼanalari namoyish etilyapti.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?