Qoʻqonda “Hunarmandchilik va xalq amaliy-sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda

17:23 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
171 0

12-sentyabr kuni Qoʻqon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy-sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi.

Tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov va “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek Abdullayev ishtirok etishdi.

Aziz Abduhakimov tadbirni ochib berar ekan, festivalning Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgani hamda uning konsepsiyasini ishlab chiqishda eng avvalo xalqimizning boy madaniyatini chuqur oʻrganish, ommalashtirish va jahon hamjamiyatini koʻp qirrali oʻzbek xalq amaliy sanʼati bilan tanishtirishga katta ahamiyat qaratilganini taʼkidladi.

“Oʻzbekiston YUNESKOning teng huquqli aʼzosidir. Aksariyat konvensiyalarni imzolanayotganimizda biz xalqimizning ham moddiy, ham nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash majburiyatini olamiz. Ayni damda biz dunyoda globallashuv jarayoni ketayotgani va, afsuski, aksariyat yoshlarimiz koʻpincha milliy qadriyatlarimiz bilan aloqalarni yoʻqotib borayotganiga, oʻz mamlakatining qadimiy sanʼatini unutib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Biroq shuni ishonch bilan ayta olamanki, Oʻzbekistonda xalq amaliy sanʼati va hunarmandchiligi yuqori darajada va bugun siz bunga oʻzingiz guvoh boʻlishingiz mumkin. Oʻylaymanki, mazkur konferensiya davomida, oʻzaro fikr-mulohazalaringiz bilan almashganingizdan soʻng siz nafaqat bizning fuqarolarimiz va xorijiy mehmonlar, balki xalqaro ilmiy hamjamiyat uchun ham qiziqarli boʻlgan qoʻshimcha takliflarni ishlab chiqishingiz mumkin”, - dedi Bosh vazir oʻrinbosari.

Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev oʻz nutqida Xalqaro hunarmandchilik festivali mahalliy ustalar mahoratini jahonga tanitishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. “Bugun Qoʻqon shahrida juda katta bayram. Ushbu Xalqaro hunarmandchilik festivali Qoʻqon shahrining hunarmandchilik salohiyatini dunyoga namoyon qiladi. Qariyb bir hafta davomida Qoʻqon shahri va viloyatimizning boshqa hududlarida barcha hunarmandchilik koʻrgazmalarida qatnashib, milliy mahsulotlarimiz bilan yaqindan tanishishingiz mumkin. Shaxsan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil qilingan Xalqaro hunarmandchilik festivali barchangizda katta taassurot qoldiradi, deya umid qilaman”, - deya taʼkidladi u.

Anjuman kun tartibida hunarmandchilikni rivojlantirishda dunyoning turli mamlakatlarining zamonaviy tajribasi bilan tanishish va oʻzaro boyitish masalalari koʻrib chiqildi. “Anʼanaviy badiiy hunarmandchilik rivojida xalqaro amaliyot: ijobiy tajriba va milliy strategiyalar” seksiyasi ishida aynan shu masalalarga qaratildi. Mazkur seksiya doirasida 25 nafar ishtirokchi qatnashib, ularning maʼruzalari “Hunarmandchilik va xalq amaliy-sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi “Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari” toʻplamida oʻzbek, rus, ingliz tillarida jamlandi.

13-sentyabr kuni konferensiyasi doirasida ikkinchi seksiya oʻtkazilib, u “Oʻrta asrlarda Sharqda badiiy hunarmandchilik anʼanalari: mahorat va ilhom manbalari” nomini olgan. Bu tadbirdagi materiallar dunyoning turli nuqtalarida yashovchi usta-hunarmandlarning zamonaviy mahsulotlarini baholash mezonlarini ishlab chiqishda muhim uslubiy ahamiyatga ega.

Taʼkidlash joizki, festivalda Oʻzbekistonning 153 tumanidan hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatining 34 yoʻnalishi boʻyicha 1116 nafar hunarmand qatnashmoqda. Dunyoning 102 mamlakatidan 191 hunarmand 29 turdagi hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek tadbirda jahonning 38 nafar taniqli siyosiy arboblari va olimlari ishtiroki kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?