Qoʻqonda ekomarafonga start berildi

11:11 25 Mart 2019 Jamiyat
451 0

Foto: "Xalq so'zi"

Bugun Qoʻqon shahrining Furqat bogʻida Suv tejash texnologiyalari yordamida daraxt ekish marosimi – ekomarafonning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Fargʻona, Andijon, Namangan viloyatlaridan taklif etilgan fermer xoʻjaligi rahbarlari,shahar hokimligi vakillari,Obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassislari, OAV hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “UzWaterAware” loyihasi doirasida tashkil etilayotgan ushbu loyihaning asosiy maqsadi tobora chuchuk suv taʼminotidagi muammolar koʻpayib borayotgan bir vaqtda qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan foydalanishda zamonaviy,tejamkor texnologiyalardan foydalanish va ushbu gʻoya ostida keng jamoatchilik vakillari, shu sohaga daxldor subyektlarni “suv tejamkorligi” gʻoyasi ostida birlashtirishdan iborat.

Ochilish marosimida taʼkidlandiki, Qoʻqon shahri misolida oʻtkazilayotgan ekomarafon mart-aprel oylarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati hamda Toshkent shahrida ham davom etadi. Shu bilan birga, joylarda xalq hasharlari oʻtkaziladigan bahor oylarida ekomarafon ham bu ezgu anʼanalar bilan hamohang tarzda tashkillanadi.

– Gidrogel yerga koʻchat oʻtqazilishida suvga qoʻshib quyuladigan suyuq modda. Uning asosiy funksiyasi tuproqdagi namlik miqdorini nisbatan uzoq vaqt ushlab tura oladi, -deydi ekomarafon hamkori“Salomatlik + ekologiya” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari HadichaNazarova. –Bu esa, suv tejamkorligiga erishishda qoʻl keladi. Gidrogel dasht, choʻl hududlarida suvdan oqilona foydalanishda yaxshi samara beradi. Qolaversa, obodonlashtirish boshqarmalarida ham koʻchat parvarishida keng qoʻllanilishi mumkin. Loyihadagi belgilangan tadbirlarda bevosita koʻchat oʻtqazish misolida gidrogeldan qanday foydalanish amaliy tarzda oʻrgatiladi.

25-27 mart kunlari Qoʻqon shahrida davom etadigan ekomarafon davomida suv resurslarini tejash bilan bogʻliq mavzularda mahalla faollari, shifokor va oʻqituvchilar, ayollar, bolalar, oʻquvchi va talabalar bilan ochiq muloqotlar, ekodarslar boʻlib oʻtadi. Fermer va mirishkorlar bilan mahorat darslari tashkillanadi. Viloyatdagi suv resurslari va ekoharakatga oid nodavlat notijorat tashkilotlari bilan uchrashuvlar uyushtiriladi.

Eslatib oʻtamiz, loyihada belgilangan asosiy tadbirlar“Suv.Daraxt.Hayot” shiori ostida26-27 mart kunlari boʻlib oʻtadi. Bugun 14:30 da esa ommaviy axborot vositalari vakillari hamda jurnalistlar uchun Qoʻqon shahar hokimligida matbuot anjumani uyushtiriladi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?