Qoʻqonda A gepatit kasalligi tarqalganmidi? Rasmiy munosabat

16:56 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
205 0

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maktab oʻquvchilari gepatitga chalingani, Qoʻqondagi maktab yarim kunga yopilib, dezinfeksiyalangani haqida xabarlar Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi va viloyat DSENM mutaxassislari tomonidan chuqur oʻrganib, quyidagilarni maʼlum qiladi. Bu haqda Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlumki, virusli gepatit A mavsumga xos kasallik boʻlib, asosan kuz-qish mavsumida kuzatiladi. Ushbu xastalik shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik natijasida vujudga keladi. Bundan tashqari, kasallikning mavsumiy xususiyati, tabiatdagi oʻzgarishlar, havoning oʻzgaruvchanligi ham xastalikning paydo boʻlishi va rivojlanishi uchun qulay muhit yaratadi.

Haqiqatan ham sentyabr va oktyabr oylarda Qoʻqon shahridagi 21- umumtaʼlim maktabining 4 nafar oʻquvchisida virusli gepatit A kasalligi roʻyxatga olingan.

Shundan soʻng shahar DSENM xodimlari tomonidan xastalikning yashirin davri 35 kunligini hisobga olinib, maktabda epidemiologik monitoring oʻtkazildi. Monitoring davomida kasallik bir-biriga bogʻliq boʻlmagan holatda tarqalganligi maʼlum boʻldi. Yaʼni, kasallik bitta sinf oʻquvchilar orasida tarqalmagan, balki boshqa-boshqa sinflarda, bir-biriga bogʻliq boʻlmagan holatlarda yuzaga kelgan. Bundan koʻrinadiki, mazkur maktab oʻquvchilaridan 4 nafarining virusli gepatit A kasalligi bilan ogʻrishi bir-biriga bogʻliq emas. Bu mavsumiga xos jarayon hisoblanadi.

Xastalik aniqlangan 4 nafar bola shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bir necha kun davomida davolash muolajalari oʻtkazilib, uylariga ruxsat berilgan.

Biroq, shunga qaramay, kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida qator profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirildi. Masalan, 26-oktyabr kuni shahar DSENM xodimlari tomonidan 21-sonli umumtaʼlim maktabining barcha sinflarida dars soatlari tugaganidan soʻng yalpi zararsizlantirish ishlari oʻtkazildi. Kasallikning kelib chiqish sababini oʻrganish maqsadida ikki marta epidemiologik monitoring kuzatuv oʻtkazilib, surishtiruv hujjatlari yuritildi. Ota-onalar bilan suhbat tashkillashtirilib, kasallikning oldini olish boʻyicha kerakli tavsiyalar berildi, eslatmalar tarqatildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, yurtimizda xalqaro tashkilotlar hamkorligida kengaytirilgan immunizatsiya dasturiga muvofiq aholi orasida yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida Fargʻona viloyatida ham infeksiyaga qarshi kurashish va tinch epidemik holatni saqlab turish borasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi. Oxirgi yillarda viloyatda profilaktik emlash koʻrsatkichlari 98 foizdan yuqori boʻlgani fikrimizga yaqqol misol boʻla oladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?