Qoʻqon shahrida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boshlandi

15:01 06 Dekabr 2018 Jamiyat
171 0

Prezidentimizning 2018 yil 23 oktyabrda “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 2021 yil yakunigacha 7 milliondan ortiq isteʼmolchilarning barchasi elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi belgilab berilgan edi.

Shunga koʻra, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Qoʻqon shahrida elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari boshlab yuborildi. Bu haqda “Oʻzbekenergo” AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hozirda Qoʻqon shahri elektr energiyasi isteʼmolchilari 6 ta nimstansiya va undan chiquvchi 113 ta 6 kV li elektr uzatish tarmoqlari hamda 556 ta transformator punktlari orqali elektr energiyasi bilan taʼminlanmoqda.

Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirish natijasida shahar hududidagi hisob nuqtalariga jami 59 168 ta, jumladan: nimstansiyalarga 143 ta; aholi isteʼmolchilariga 53 983 ta hamda ulgurji isteʼmolchilariga 4 673 ta elektr hisoblagichlar va hisob nuqtalaridan maʼlumotlarni yigʻish uchun nimstansiya va transformator punktlariga 373 ta konsentratorlar oʻrnatilishi taʼminlanadi.

Ushbu loyiha doirasida Qoʻqon shahriga XK “Toshelectroapparat” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan 22 000 dona zamonaviy elektr hisoblagichlar yetkazib berildi va oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?