Qoʻqon shahri koʻchalarida turizm navigatsiyasi belgilari oʻrnatilmoqda

18:04 15 Iyul 2019 Welcome to uzbekistan
462 0

Koʻchalarda joylashgan turistik va muhim infrastruktura obyektlari xususida maʼlumot beruvchi bunday belgilar asosan turizm shaharlariga xos. Turizmni rivojlantirishdagi asosiy vazifalardan biri – bu sayyohlarga turizm obyektlarining joylashuvi va ularga olib boruvchi marshrutlar xususida aniq maʼlumot yetkazishdir.

Qoʻqondi latifda oʻrnatilayotgan oʻzbek va ingliz tilidagi belgilar Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida va undan keyin ham keladigan sayyohlarga qulay shart-sharoitlar yaratish va shahar tarixiy obidalariga sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirishga xizmat qiladi.

Festivalga qadar 200 dan ortiq turizm navigatsiyasi belgilari Qoʻqon shahrining “Istiqlol” , “Charxiy”, “Turon”, koʻchalari,Ozodlik, Oʻrda xiyobonlari kabi barcha koʻcha va mahallalarida oʻrnatilishi koʻzda tutilgan.

Xususan, markaziy bozor hududidagi savdo doʻkonlari egalari bilan festivalning mohiyati, unga keladigan mehmonlarni munosib kutib olish maqsadida binolarni chiroyli koʻrinishga keltirish, taʼmirlashda shaharsozlik normalariga rioya qilish, turizm shaharlariga mos boʻlgan travertin kabi tabiiy qurilish materiallaridan foydalanish yuzasidan shahar hokimligi va bozor maʼmuriyati vakillari tushuntirish ishlari olib boryapti.

Hozirda bozorning markaziy darvozasi milliy uslubda taʼmirlanyapti. Non mahsulotlari milliy rastasining tomidagi metall qoplamalar yangidan boʻyalyapti. Non rastasida savdo qiladiganlarning barchasi milliy matolarimizdan tikilgan fartuklarda, sanitariya qoidalariga amal qilgan holda savdo qilmoqdalar.

Bozorning barcha sanitariya tizimlarining fasad va ichki qismlari taʼmirlanib, yangi santexnika oʻrnatilmoqda. Bozor rastalari yonida eski ichimlik suvi favvorachalari oʻrniga yangilari barpo etilib, milliy uslubda bezatilmoqda.

Elyorjon EHSONOV, "Xalq soʻzi".


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?